Germaniya Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi dasturi bo‘yicha qochqinlarni ixtiyoriy ravishda qabul qilishni vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda Germaniya ichki ishlar vazirligi va Jahon tashkiloti rahbariyati ma’lum qildi, deb yozadi TASS Deutsche Presse-Agentur (DPA)ga tayanib.
Bu qaror Germaniyada hukumat koalisiyasini tuzish bo‘yicha muzokaralar asosida qabul qilindi. Hozirda bu muzokaralarga Xristian-demokratik ittifoq va Xristian-sosial ittifoqning konservativ bloki hamda Germaniya sosial-demokratik partiyasi boshchilik qilmoqda. Dastlabki maslahatlashuvlardan so‘ng ular qochqinlarni ixtiyoriy qabul qilish dasturlarini imkon qadar tezroq tugatishga va yangi dasturlarda qatnashmaslikka kelishib oldilar.
Germaniya hukumati avvalroq BMT orqali 2024-2025 yillarda jami 13 100 nafar qochqinni mamlakatga qabul qilishga kelishib olgan edi. Ulardan 5061 nafari Germaniyaga joylashib ulgurgan, ular orasida Turkiyadan kelgan suriyalik qochqinlar ham bor.
Germaniyaning bo‘lajak kansleri bo‘lishga davogar Fridrix Mers hokimiyatga kelsa, migrasiya siyosatini sezilarli darajada kuchaytirish niyatida ekanligini bir necha bor ta’kidlagan.