Kamerun, Namibiya va Tanzaniya mustamlaka bo‘lgan davrda mamlakatdan Yevropaga olib ketilgan artefaktlar qaytarib beriladi, deydi Germaniyalik rasmiylar.
Germaniya poytaxtidagi ko‘plab muzeylarni boshqaradigan Berlinda joylashgan Prussiya madaniy meros jamg‘armasi dushanba kuni Namibiya, Tanzaniya va Kamerunga artefaktlarni qaytarish bo‘yicha muzokaralarga kirishganini ma’lum qilgan.
Qaytarilishi kerak bo‘lgan artefaktlar orasida ona ma’buda Ngonsoning haykali ham bor, bu Kamerunning shimoli-g‘arbiy Nso xalqi uchun katta ma’naviy ahamiyatga ega ashyo hisoblanadi.
Haykal 1903 yildan beri Berlin Etnologiya muzeyi kolleksiyasining bir qismi bo‘lib kelgan.
Kengash, shuningdek, 23 ta artefakt, jumladan, zargarlik buyumlari va asboblarni Namibiyaga doimiy ravishda qaytarishni ma’qullagan. 1884 yildan 1919 yilgacha bo‘lgan mustamlaka davrida o‘g‘irlangan tarixiy buyumlar tadqiqot maqsadida o‘tgan oy Namibiyaga qaytarilgan va o‘sha yerda qolgan.
Jamg‘armaning ta’kidlashicha, uning prezidenti va boshqaruv kengashiga ko‘pgina vakolatlar berilgan. Jumladan, Maji-Maji qo‘zg‘oloni, XX asr boshidagi mustamlakachilik davri va boshqa mojarolar paytida Tanzaniyadan talon-taroj qilingan ashyolarni qaytarish bo‘yicha kelishuvni imzolash vakolati berilgan.