«Gender asosidagi zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faollik» global tashabbusi doirasida #HerHerHerStory mintaqaviy kampaniyasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Dunyo bo‘ylab har 10 daqiqada 1 ayol jufti yoki oila a’zolari tomonidan o‘ldiriladi. BMT Ayollar tashkilotiga ko‘ra, dunyoning hech bir davlati inson huquqlari buzilishining eng keng tarqalgani bo‘lgan ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni yo‘q qilishga yaqin kelgani ham yo‘q.
O‘zbekistonning Toshkent shahrida Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni munosabati bilan o‘tkazilgan ochilish marosimida 60 dan ortiq ishtirokchilar, jumladan, yuqori darajadagi davlat amaldorlari, inflyuyenserlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati, BMT agentliklari, elchixonalar vakillari, jurnalistlar, bloggerlar, dizaynerlar va faollar qatnashdi.
"O‘zbekiston hukumati gender tenglikni ta’minlash masalasiga jiddiy yondashmoqda. Mamlakatda olib borilayotgan islohotlar, huquqiy o‘zgarishlar, poydevor, salohiyatni oshirish borasidagi sa’y-harakatlar haqiqatda samarali va ayol-qizlarning farovonligi yo‘lida juda juda muhimdir. Biz endi amaliyotga ko‘proq e’tibor qaratishimiz va o‘z bahoyimizni berishimiz lozim. Shu o‘rinda, hukumatning islohotlar borasidagi sa’y-harakatlari ancha salmoqli ekanini qayd etib o‘tish mumkin", - deya ta’kidladi BMT Ayollar dasturining O‘zbekistondagi menejeri Ceren Guven Gures.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ayollar tashkiloti va Ma’lumotlar maktabi ko‘magida tadqiqotchilar guruhi tomonidan o‘tkazilgan ayollar o‘limiga oid tadqiqotlarning dastlabki natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda femitsid qurbonlari soni 2014 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan davrda oshgan va 2023 yilda eng yuqori nuqtasiga yetib, 79 tani tashkil qilgan. 91% hollarda, jinoyatchilar erkaklar bo‘lgan. Har ikki ayoldan biri hozirgi yoki sobiq jufti tomonidan o‘ldiriladi va har to‘rt ayoldan biri oila a’zosi tomonidan o‘ldiriladi. O‘ldirilgan ayollarning aksariyati (61%) o‘z uylarida — o‘zini xavfsiz his qilishi va mehr ko‘rishi kerak bo‘lgan joyda o‘ldirilgan.
Bu yerda keltirilgan dastlabki ma’lumotlar Niginaxon Saida, Svetlana Dzardanova, Gulnoza Ahmedova va Deniz Nazarova tomonidan BMT Ayollar tashkiloti «Har bir ayol va qizni e’tiborga olish» mintaqaviy dasturi, Ma’lumotlar maktabi hamda Femitsidga qarshi yig‘ilgan ma’lumotlar qo‘shma tashabbusi doirasida olib borilgan femitsid tadqiqotidan olingan. To‘liq hisobot 2025 yilda taqdim etiladi.
Ushbu nashrda bildirilgan fikrlar mualliflarga tegishli bo‘lib, BMT Ayollar tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkiloti yoki unga aloqador tashkilotlarning qarashlarini aks ettirmaydi.
Qozog‘istonlik omon qolganlarni ko‘ngilli qo‘llab-quvvatlash tarmog‘i asoschisi va faoli Aytbek Amangeldi moderatorligida o‘tkazilgan munozarada o‘zgarishlarni rag‘batlantirishda hikoya aytib berishning kuchi ta’kidlab o‘tildi. Aytbek shunday dedi:
«#HerHerHerStory stereotiplarni buzish, genderga asoslangan zo‘ravonlikka barham berish va tizimli muammolarga qarshi kurashish uchun jamiyatni birlashtirish muhimligini ko‘rsatadi, hikoyalar kuchi bilan gender asosidagi zo‘ravonlik va ayollar o‘limiga barham berish dolzarbligini uyg‘unlashtiradi».
Panelning qolgan ishtirokchilari: «Korzinka» supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov, bloger va jamoat arbobi Shaxnoza Soatova, «Progressiv islohotlar markazi» asoschisi Mirshohid Aslanov, tojikistonlik yosh jurnalist Alina Valamatzade va diniy yetakchi Matluba Qahhorova.
Muhokamalarda Markaziy Osiyoda gender stereotiplari, jamiyat me’yorlari va qurbonlarni ayblash zo‘ravonlikni qanday kuchaytirayotganiga e’tibor qaratildi va bu muammolarni bartaraf etishning samarali yechimlari o‘rganildi.
Tadbir gender tengligini targ‘ib qiluvchi va ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka chek qo‘yishga chaqiruvchi butun mintaqadagi erkak inflyuyenserlarning ramziy marshi bilan yakunlandi. Ularning ishtiroki stereotiplarni yo‘q qilish va zo‘ravonlikning asosiy sabablarini bartaraf etishda ittifoqchi sifatida erkaklarning muhim rolini ta’kidladi.
Gender asosidagi zo‘ravonlik zararli gender stereotiplari, tengsizlik, zo‘ravonlikni normallashtirish va jazosiz qolishidan kelib chiqadi.
Gender asosidagi zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faollik har yili 25 noyabrdan (Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni**) 10 dekabrgacha (Inson huquqlari kuni) davom etadigan global kampaniyadir. 2008 yildan beri BMT Bosh kotibi va BMT Ayollar tashkiloti boshchiligida olib borilayotgan ushbu kampaniya butun dunyoda ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish va bartaraf etishga qaratilgan. 2024 yilda kampaniya ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, ayollar huquqlari himoyachilari bilan birdamlikni namoyish etish, feministik harakatlarni qo‘llab-quvvatlash, zararli stereotiplarni yo‘q qilish va zo‘ravonliksiz dunyo qurish uchun jamiyatni safarbar etishga chaqiradi.
#HerHerHerStory ijtimoiy tarmoqlardagi mintaqaviy kampaniyasi — bu gender zo‘ravonligiga qarshi kurashda inflyuyenserlar, blogerlar, jurnalistlar, faollar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini birlashtirgan tashqi tashabbus. U BMT Ayollar mintaqaviy byurosi platformalaridan tashqariga chiqadi va zo‘ravonlik, kamsitish yoki ta’qibning har qanday turini boshdan kechirgan ayollar va qizlarning ovozini kuchaytirish, genderga asoslangan zo‘ravonlikka barham berish va #HerHerHerStory xeshtegi yordamida o‘z hikoyalarini baham ko‘rish uchun jamoaviy harakatlarni ilhomlantirishga qaratilgan.
#HerHerHerStory'ning bosh g‘oyasi omon qolganlarni eshitish, qurbonlarni ayblashni va stereotiplarni yo‘q qilish, gender asosidagi zo‘ravonlik atrofidagi sukunatni buzishdir. Jamiyatdagi isnod va befarqlik, zo‘ravonlikni normallashtirish va omon qolganlarni qoralash bilan mustahkamlangan sukunat zo‘ravonlikning tarqalishiga imkon beradi hamda ko‘pincha ayollarning o‘limiga olib keladi.
#HerHerHerStory hikoyalarni ayollar o‘limining oldini olish zarurati bilan uyg‘unlashtirib, chuqur ildiz otgan tizimli muammolarni hal qilish uchun jamoaviy harakat muhimligini ta’kidlaydi.
Kampaniyaning boshlanishi Hilton Tashkent, Teplo Market, GU Construction va La Maison du Tchapan tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, biznes va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlik gender tengligi va zo‘ravonliksiz kelajakka qanday yordam berishi mumkinligini ko‘rsatib berdi.