Xavfsizlik manbalaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Birlashgan Arab Amirliklarida o‘ldirilgan Isroil/Moldova fuqarosi Ravvin Svi Koganni o‘ldirganlar Turkiyada Milliy razvedka tashkiloti (MİT) va polisiya tomonidan uyushtirilgan maxfiy operasiyada qo‘lga olindi, deya xabar qildi Milliyet nashri.
Qayd etilishicha, 2020 yildan buyon Dubayda Kosher do‘konini yuritib kelgan ravvin Koganni o‘ldirgan uch nafar O‘zbekiston fuqarosi qochib ketgani aniqlangach, BAA hukumati Turkiyadan yordam so‘ragan. MİT ham ularni ushlash uchun ishga kirishgan.
Shaxslar Istanbulga qo‘nganida, polisiya kuchlari ularni kuzatishni boshlagan. Ular mingan taksi MİT va polisiya tomonidan bosqichma-bosqich kuzatilgan.
Polisiya guruhlari yo‘l harakati nazorati uchun taksini to‘xtatgan va hujjatlarni tekshirish natijasida BAA tomonidan qidirilayotgan 3 kishini qo‘lga olgan.
Ravvini o‘ldirganlikda gumonlanayotgan 28 yoshli Olimboy Tohirovich, 28 yoshli Mahmudjon Abdurrahim va 33 yoshli Azizbek Kamilovich jinoyat sodir etilgan davlat – BAAga ekstradisiya qilingan.
Ravvin Svi Kogan o‘tgan payshanba kuni tushdan keyin BAA poytaxti Abu-Dabida g‘oyib bo‘lgandi. Isroil matbuotida chop etilgan xabarga ko‘ra, ravvin Koganning bo‘laklangan jasadi topilgan.