Isroil armiyasi quruqlikdagi hujumlarini kuchaytirib, “evakuasiya qilish” buyrug‘ini berganidan so‘ng G‘azo shahrida o‘n minglab falastinliklar yana ko‘chirildi.
Anadolu muxbiri xabar berishicha, qirg‘oq bo‘yidagi Reshid ko‘chasi orqali janubga keng ko‘lamli harakat kuzatilgan.
Isroil armiyasi yana bir bor falastinliklarni G‘azoni tark etib, “gumanitar hudud” deb atalgan hududga o‘tishga chaqirdi. Katta hujumlar davom etayotgan G‘azo shahri aholisi o‘z hayotlaridan xavotirda. Shu bilan birga, ko‘plab falastinliklar uylarini tark etmaslikka qaror qilgan.
“G‘azoliklar uchun o‘lim yoki ko‘chirishdan boshqa yo‘l yo‘q”
Falastinlik Muhammad al-Davudiy Anadolu nashriga bergan intervyusida o‘zi va yetti kishidan iborat oilasi uylarini tark etishga majbur bo‘lganini aytdi.
“Biz endi hech qayerda o‘zimizni xavfsiz his qilmayapmiz. Isroil hujumlari natijasida portlash ovozlari tinimay eshitiladi, binolar aholi boshiga qulab tushmoqda. G‘azoliklar uchun o‘lish yoki qochqin bo‘lishdan boshqa yo‘l yo‘q. Isroil armiyasi hech kimga shafqat qilmaydi”, — dedi u.
Davudiyning so‘zlariga ko‘ra, janubga ko‘chib o‘tish xavf-xatarlar bilan bog‘liq bo‘lishiga qaramay, ular tomsiz qolsa ham shaharni tark etishga qaror qilgan.
Bu orada yana bir falastinlik — Umm Rami eri va to‘rt farzandi bilan janubga safar qilish uchun aravaga buyumlarini joylaganini aytdi.
“Biz G‘azo shahridagi binolar ham Mushtaha kabi vayron bo‘lishidan qo‘rqamiz. Janubda bizga nima kutayotganini bilmasak ham, ketishdan boshqa chora yo‘q”, — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, Isroil armiyasi oldinroq Xon Yunus shahri yaqinidagi al-Mavasi hududini “gumanitar hudud” deb e’lon qilganini va g‘azoliklarni o‘sha yerga ko‘chishga chaqirganini ma’lum qilgan edi. Biroq Isroil armiyasi avval ham bu hududga yetgan qochqinlarni va ularning chodirlarini muntazam ravishda hujum qilgan.