Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an Trabzonda qurib bitkazilgan bir qator loyihalarning ochilish marosimida ma’lum qildi.
“Bizning yaqin atrofimiz tarixiy burilishlarni boshdan kechirmoqda. Mintaqamizda sodir bo‘layotgan voqealar tufayli yangi dunyo tartibi shakllanmoqda”, — dedi Erdog‘an.
Davlat rahbari Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush to‘rt yildan beri davom etayotganini eslab, bu mojaro nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda xavotir va beqarorlikni kuchaytirayotganini qayd etdi.
“Har ikki davlat bilan muloqotni davom ettiryapmiz. Bu urushda faqat qon savdogarlari yutmoqda, xalq esa yutqazmoqda. Turkiya to‘qnashuvni to‘xtatish uchun qo‘lidan kelganini qilishga tayyor”, — dedi Turkiya prezidenti.
Erdog‘an, shuningdek, G‘azodagi vaziyatga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki yillik fojialardan so‘ng barqaror tinchlik sari birinchi amaliy qadam tashlandi.
“G‘azodagi birodarlarimiz uzoq yillar ichida ilk bor yengil nafas olishdi. Bolalar yana tabassum qilmoqda, gumanitar yordam oqimi ortdi. Ovqat va dori-darmon ortilgan yuk mashinalarimiz allaqachon G‘azoga yetib bordi. G‘azo tezda tiklanishi kerak. Sovuq tushmasidan oldin birodarlarimiz chodirlarda qolib ketmasligi lozim”, — deya yakunladi Erdog‘an.