«Katta yettilik» (G7) davlatlari va Yevropa Ittifoqi Rossiya neftini dengiz orqali tashishga oid qoidalarni keskin kuchaytirish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda Reuters agentligi manbalariga tayanib xabar berdi.
Manbalarning ma’lum qilishicha, yangi tashabbusda Rossiya neftini tashish uchun barcha g‘arbiy xizmat ko‘rsatuvchilar faoliyatini to‘liq taqiqlash taklif qilinmoqda. Reja amalga oshirilsa, ayniqsa Gresiya, Kipr va Malta kabi katta dengiz flotiga ega davlatlar kompaniyalari Rossiya nefti eksportida ishtirok etishni to‘xtatadi.
Hozirgi vaqtda g‘arb yuk tashuvchi kompaniyalari va sug‘urta tashkilotlari Rossiya neftini tashishga faqat bitta shart bilan ruxsat oladi – agar xaridor bir barrel uchun G7 tomonidan belgilangan chegaradan past narx, ya’ni 47,6 dollardan kam to‘lasa.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya nefti eksportining uchdan bir qismi hali ham g‘arb tankerlari orqali amalga oshirilmoqda. Qolgan qismi esa «soya flotlari» deb ataluvchi, rasmiy bo‘lmagan yoki cheklovlarni aylanib o‘tishga mo‘ljallangan tankerlar tomonidan tashiladi.
G‘arb davlatlari fikricha, hozirgi tizim Rossiyaga barqaror eksport qilish imkonini saqlab qolmoqda. To‘liq taqiq esa G‘arb kompaniyalarining Rossiya nefti bilan bog‘liq har qanday operasiyada ishtirokini to‘xtatadi hamda Rossiya eksporti logistikasini qiyinlashtiradi. Bu orqali esa Moskva byudjetiga tushumlarni kamaytirish maqsad qilinmoqda.
G7 va YEI tomonidan ko‘rib chiqilayotgan yangi mexanizm Rossiya neftini dengiz orqali eksport qilish tizimiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Agar taqiq qabul qilinsa, nafaqat Yevropa, balki jahon neft bozorida ham katta o‘zgarishlar kutiladi.