Pentagon Eron dron hujumlariga qarshi kurashish uchun Ukrainada ishlab chiqarilgan dron-tutqichlarini xarid qilish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu haqda Financial Times xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Yaqin Sharqdagi mojaro fonida Eron Fors ko‘rfazi davlatlari va AQSh harbiy ob’ektlariga yuzlab dronlar uchirgan. Hozircha ularni yo‘q qilishda asosan Patriot havo mudofaa tizimi qo‘llanilmoqda, ammo uning raketa-to‘sqichlari tez sarflanib ketmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Eronning Shahed-136 turidagi kamikadze dronlari taxminan 30 ming dollar turadi. Patriot tizimidagi PAC-3 raketa-to‘sqichi esa 13,5 million dollardan ortiq turadi.
Shu sababli Pentagon va Fors ko‘rfazi davlatlari Ukraina tajribasiga qiziqish bildirmoqda. Ukraina Rossiya bilan urush davomida arzon dron-tutqich texnologiyalarini ishlab chiqqan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bunday tutuvchi dron tizimi taxminan 35,5 ming dollar turadi va 250 km/soat tezlikda uchib, Shahed dronlarini havoda yo‘q qila oladi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad al-Soniy va BAA prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan bu texnologiyadan foydalanish masalasini muhokama qilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday hamkorlik faqat Ukraina o‘z mudofaa imkoniyatlariga zarar yetkazmagan holdagina amalga oshirilishi mumkin.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, Ukraina dronlarga qarshi kurash bo‘yicha dunyodagi eng ilg‘or tajribalardan biriga ega.
O‘z navbatida, ayrim OAV Zelenskiy AQSh va Fors ko‘rfazi davlatlariga bunday dron-tutqichlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishni rad etgani haqida yozmoqda. Ularning iddaosicha, Kiyev ularni Patriot havo mudofaa tizimi uchun raketa-to‘sqichlarga almashish variantini ko‘rib chiqishga tayyor ekanini bildirgan.