Bugun 4 mart, 2026 yil, chorshanba

КИР

Yaqin Sharq davlatlaridan 5 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi qaytarildi

Yaqin Sharq davlatlaridan 5 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi qaytarildi

Yaqin Sharq mintaqasida davom etayotgan harbiy nizo natijasida Bahrayn, Quvayt, Suriya, Iroq, Eron, Qatar, Isroil, Iordaniya, BAA va Livan davlatlarining havo hududi parvozlar uchun turli muddatlarga yopiqligicha qolmoqda.

28 fevraldan boshlab O‘zbekiston shaharlaridan Dubay, Sharja, Madina, Doxa, Jidda, Tel-Aviv, Tehron va Quvayt yo‘nalishlaridagi barcha aviaqatnovlar bekor qilindi. Natijada 28 fevral – 2 mart kunlari Quvayt, Isroil, Saudiya Arabistoni, Qatar va BAAdan 1 681 nafar fuqaromiz uchib keta olmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fors ko‘rfazi mamlakatlarida qolib ketgan yurtdoshlarimizni Vatanga qaytarishni samarali tashkil etish bo‘yicha topshirig‘i asosida Transport vazirligi tomonidan rezident va xorijiy aviakompaniyalar bilan aniq rejalar ishlab chiqildi. Ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida “O‘zaviasiya” agentligida 24/7 rejimda ishlaydigan shtab tashkil etildi.

Qator davlatlar havo hududi yopiqligi saqlanib qolayotgani, vaziyat o‘zgarib borayotgani hamda xorijiy mamlakatlar aviasiya idoralari bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijalari inobatga olinib, barcha aviakompaniyalar uchun parvozlarni amalga oshirishda rioya qilinishi lozim bo‘lgan talablar belgilandi.

Hozirgi vaqtda rezident va norezident aviakompaniyalar tomonidan 2026 yil 28 fevralgacha jo‘nab ketgan yo‘lovchilarni O‘zbekistonga qaytarish maqsadida maxsus parvozlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi holatga ko‘ra, mamlakatimiz rezident aviakompaniyalari tomonidan Madina va Jidda aeroportlaridan 21 ta parvoz amalga oshirilib, 4 948 nafar, shuningdek Dubay shahridan 235 nafar yo‘lovchi O‘zbekistonga olib kelindi.

⚠️ Ushbu reyslar bo‘yicha ma’lumotlarni aniqlashtirish uchun faqat aviakompaniyalarning vakolatxonalariga va ularning rasmiy veb-saytlarida ko‘rsatilgan telefon raqamlariga (ishonch telefonlariga) murojaat qilish lozim.

Ehtimoliy tushunmovchiliklar va moliyaviy xavf-xatarlarning oldini olish maqsadida faqat rasmiy manbalardan foydalanish hamda tekshirilmagan vositachilarga murojaat qilmaslik tavsiya etiladi.

Kiritildi: Bugun 18:24. O'qildi: 531 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!