Fransuz gazetasining yozishicha, 40 yoshli Anna N. va 63 yoshli Vensan P. 17 noyabr kuni hibsga olingan. 21-noyabr, juma kuni ularga josuslik bo‘yicha ayblov qo‘yilib, keyin qamoqqa olingan.
"Anna N. (Fransiya va Rossiya fuqarosi) 2022 yil sentyabr oyida Rossiya tomonidan bosib olingan hududga gumanitar yordam yetkazishi maqsadida SOS Donbass xayriya tashkilotini tuzgan. Hozir u tashkilotning vise-prezidenti sifatida qayd etilgan, Vensan P. esa Korsikadagi “Tunggi bo‘rilar” baykerlar klubi bo‘limining sobiq rahbari, shuningdek, SOS Donbass tashkiloti prezidenti", deya yozmoqda Le Parisien.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumanitar yordam karvonlari va SOS Donbass'ning boshqa faoliyatlari josuslik harakatlarini yashirish uchun niqob bo‘lgan. Biroq har ikki gumonlanuvchi o‘z aybsizligini ta’kidlagan.
“Xorijiy davlati bilan til biriktirish” ayblovi SOS Donbass'ning yana bir a’zosi — 58 yoshli Bernar F.ga ham qo‘yilgan. U sud nazorati ostida qo‘yib yuborilgan. To‘rtinchi qo‘lga olingan shaxs 40 yoshli rossiyalik Vyacheslav P. Parijning bir necha hududlarida rossiyaparast kayfiyatdagi targ‘ibot plakatlarini yopishtirgani uchun, “xorijiy davlat manfaatlari yo‘lida tarixiy yodgorlikni tahqirlash”da ayblanmoqda.
Parij prokuraturasi chet el maxsus xizmatlari foydasiga ishlashda gumonlanib to‘rt kishining qo‘lga olinganini tasdiqladi, biroq gap qaysi davlat razvedkasi haqida ketayotganini ochiqlamadi.