Fransiyada evtanaziya (o‘limga yordam berish) masalasi yana kun tartibiga chiqdi. Prezident Emmanuel Makron bu masala bo‘yicha umummilliy referendum o‘tkazish taklifini bildirdi.
Makronning so‘zlariga ko‘ra, agar shaxs davolab bo‘lmaydigan kasallikdan aziyat cheksa, uning hayotini tugatish huquqi bo‘lishi mumkin. Bu taklif jamiyatda qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi.
Fransiya ichki ishlar vaziri Bryuno Retayo evtanaziyani qonuniylashtirishga qarshi chiqdi. Uning fikricha, bunday qonun insonparvarlik tamoyillariga zid va tibbiy yordam o‘rniga o‘limni tanlashni osonlashtirishi mumkin. U jamiyatga palliativ yordam xizmatlarini rivojlantirish kerakligini ta’kidladi.
Boshqa tomondan, mehnat, sog‘liqni saqlash, birdamlik va oila vaziri Katrin Votren evtanaziyani qo‘llab-quvvatladi. U buni «cheksiz azoblarga muqobil», deb atadi.
Ayni paytda, Belgiya, Niderlandiya, Kanada, Yangi Zelandiya va Ekvador kabi bir qator mamlakatlarda evtanaziya qonuniylashtirilgan. U yerda bu amaliyot turli darajadagi cheklovlar bilan amalga oshiriladi.
Fransiyada evtanaziyani qonuniylashtirish masalasi jamiyatda jiddiy bahslarga sabab bo‘lmoqda. Referendum o‘tkazilishi bu masala bo‘yicha xalqning fikrini aniqlashga yordam beradi.
Aytish lozimki, aksariyat dinlar evtanaziyani inson o‘z o‘zini o‘ldirishiga tenglashtiradi va qat’iy qoralaydi.