Byudjetni parlamentsiz tasdiqlash va ishonchsizlik votumidan qo‘rqmaslik: Fransiya hukumatining strategiyasi ishlay boshladi.
BBC'ning xabar berishicha, juma kuni Fransiya hukumati bosh vazir Sebasten Lekornyuning 2026 yilgi byudjetning daromad qismini parlament roziligisiz joriy etish qarori ortidan kiritilgan ikki ishonchsizlik votumiga qaramay, hokimiyatni saqlab qoldi.
Qayd etilishicha, o‘ta so‘l “Bo‘ysunmas Fransiya” partiyasi tomonidan “yashillar” va kommunistlar bilan birgalikda kiritilgan ishonchsizlik votumini 269 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi. Hukumatni iste’foga chiqarish uchun esa kamida 288 ovoz talab etilardi. O‘ta o‘nglar tashabbusi bilan kiritilgan ikkinchi ishonchsizlik votumi esa bundan ham kamroq deputat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, bosh vazir o‘zining ramziy g‘alabasidan so‘ng Konstitusiyaning 49.3 moddasidan 2026 yilgi byudjetni majburiy tasdiqlash va xarajatlar qismini belgilash uchun foydalanishini e’lon qildi. Fransiya Konstitusiyasining 49.3 moddasi hukumatga parlament ovozisiz qonunlar qabul qilishga ruxsat beradi.
Bunga javoban so‘llar yangi ishonchsizlik votumi e’lon qilish niyatida ekanini ma’lum qildi.