Federal qidiruv byurosi (FQB) rahbari Kesh Patel Perl-Xarborda cho‘kib ketgan "USS Arizona" linkori yaqinida yopiq tarzda maska va naycha bilan suzish bilan shug‘ullangani haqidagi Associated Press xabaridan so‘ng keskin tanqid qilindi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yozda Patelning Gavayi orollariga tashrifi chog‘ida FQB rasman uni Gonoluludagi ishchi uchrashuvlari haqida xabar bergan, biroq AQSh kemasi halok bo‘lgan joyga uyushtirilgan ekskursiya haqida lom-mim demagan.
Ma’lumot uchun, "USS Arizona" harbiy qabriston hisoblanadi. 1941 yilda Yaponiyaning Perl-Xarborga qilgan hujumidan so‘ng, u yerda 900 dan ortiq dengizchi va dengiz piyodalari dafn etilgan hoki qolgan. Kema yaqinida snorkling (maska va naycha bilan suzish) va dayving (suv ostiga sho‘ng‘ish) bilan shug‘ullanish qat’iyan taqiqlangan.
AQSh Harbiy-dengiz kuchlari Associated Press agentligiga ekskursiya bo‘lganligi haqidagi faktni tasdiqladi, biroq uning tashabbuskori kim bo‘lganiga aniqlik kiritmadi. FQB esa agentlik so‘rovlarini javobsiz qoldirdi. Qo‘shma Shtatlar Harbiy-dengiz kuchlari faxriysi Xek Albertson jurnalistlar bilan suhbatda "USS Arizona" yaqinidagi suzishni "cherkovdagi bo‘ydoqlar bazmi"ga qiyosladi va Perl-Xarborni "muqaddas zamin" deb atadi.