— Bir folbinga borib, erimni menga isitib berishi uchun 300 AQSh dollari bergandim. “Ikki xaftada muammoing ijobiy hal bo‘ladi”, deb va’da bergandi. Lekin oradan ikki oy o‘tsa ham hech qanday foydasi bo‘lmadi. Endi o‘sha folbinning nayrangiga chuv tushganimni anglab yetyapman. Qo‘limda hech qanday isbotim yo‘q. Faqat dugonam guvoh bo‘lgan. Uning guvohligi inobatga olinadimi? Folbinga bergan pulimni qaytarib ololamanmi? Buning uchun qayerga murojaat qilay?
Ismi sir tutildi
Jamshid Sharopov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi sudyasi:
— Amaldagi qonunchilik talablariga ko‘ra, diniy rasm rusumlar bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyat turlari bilan lisenziyasiz yoki boshqa ruxsat beruvchi xujjatlarsiz shug‘ullanish ta’qiqlanadi. Sizning holatingizda, folbinning xatti-harakatlarida aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish bilan bog‘liq (Firibgarlik) jinoyat alomatlari borligi sababli, yetkazilgan zararni undirish va Folbinning hatti-harakatlariga nisbatan huquqiy baho berish masalasida tegishli ariza bilan Ichki ishlar yoki Prokuratura organlariga murojaat qilishingiz lozimligi tushuntiriladi. Folbinga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yakuni bo‘yicha siz tomoningizdan to‘langan 300 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘ini undirish choralari, ishni ko‘rib chiqqan jinoyat ishlari bo‘yicha sud amalga oshiriladi.
Folbin bilan sizning o‘rtangizdagi munosabat fuqarolik qonunchilik normalari bilan tartibga solinmaydi. Agarda o‘rtangizda qarz oldi-berdisi yoki xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqacha turdagi fuqarolik huquqiy munosabatlar bo‘yicha nizo kelib chiqqanda, sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilishingiz uchun amaldagi “Davlat boji to‘g‘risidagi” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga ilova sifatida qabul qilingan “Davlat boji stavkalari”ga ko‘ra, da’vo bahosining 4 foizi miqdorida, biroq BHMning 1 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda davlat boji to‘lashingiz lozim bo‘ladi.
Folbinning hatti-harakatlarida aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish bilan bog‘liq firibgarlik jinoyat alomatlari bor-yo‘qligiga tegishli tartibda baho berish uchun guvoh sifatida dugonangiz ko‘rgazmalari inobatga olinadi.
Fuqarolik qonunchilik talablariga ko‘ra, yuridik shaxslarning o‘zaro va fuqarolar bilan bitimlari, shuningdek, fuqarolar o‘rtasidagi belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ortiq summadagi bitimlar, qonunda belgilangan hollarda esa bitim summasidan qati nazar, boshqa bitimlar oddiy yozma shaklda tuzilishi lozim. Bitimning oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib kelmaydi, biroq nizo chiqqan taqdirda taraflarni bitimning tuzilganligini, mazmunini yoki bajarilganligini guvohlarning ko‘rsatuvlari bilan tasdiqlash huquqidan mahrum qiladi.
Jinoyat kodeksining 168-moddasida firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga qiritish uchun javobgarlik belgilangan bo‘lib, jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasiga ko‘ra, sodir etilgan qilmish uchun javobgarlik belgilangan. Masalan, mazkur moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan bo‘lsa, to‘rtinchi qismidagi qilmish uchun bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.
Etkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.