— Yaqinda amakimning o‘g‘li oilasi bilan kelisholmay qoldi. Kelin ajrashish uchun fuqarolik sudiga da’vo ariza bergan. Kelin bolalari bilan ota-onasining uyiga ketib qolgan. Ukamga farzandlarini ko‘rsatmayapti. Farzandlarini ko‘rishi uchun sudga ariza bersa, farzandlarini haftasiga yoki oyiga nechi bor ko‘rishi uchun ruxsat berishi mumkin?
Ismi sir tutildi
Amina Xudaybergenova, fuqarolik ishlari bo‘yicha M.Ulug‘bek tumanlararo sudi sudyasi:
— Fuqarolik prosessual kodeksining 189-moddasi talabiga muvofiq, da’vo arizasida da’vogarning talabi aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. Ya’ni ukangiz, farzandlari bilan haftada bir marta, yoki har oyda bir marotaba ko‘rishish tartibini belgilash to‘g‘risida da’vo talabida aniq ko‘rsatishi lozim.
Da’vogarning da’vo talablari sud muhokamasida o‘rganilib, bolaning yoshini, kun tartibi, sog‘lig‘i, o‘sish va tarbiyalanish uchun sharoitlar yaratilganligi hamda bolaning huquq va manfaatlariga ziyon keltirmaydigan barcha holatlarni inobatga olgan holda ota(ona) bilan uchrashish tartibini belgilaydi. Ko‘rishish tartibi sud tomonidan vaziyat o‘zgargargunga qadar deb belgilanishi va vaziyat o‘zgarishi bilan (masalan bolaning yoshi, sog‘lig‘inining tiklanishi) da’vogar tomonidan sudga yangidan da’vo ariza berish orqali, ko‘rishish tartibini yangidan belgilashni so‘rashi mumkin.
Shu bilan birga ta’kidlash lozimki, ushbu nizoli vaziyat sud tomonidan tartibga solinsada, bolaning huquq va manfaatidan kelib chiqib, uning tarbiyasi va ta’limida ota-onaning birgalikdagi bergan qarori muhimdir. Bolaning sog‘lom oilaviy muhitda kamol topishi davlat va jamiyat oldidagi eng asosiy vazifadir.