Dunyo yaralibdiki, inson bir bedavo dard bilan ayovsiz kurashib keladi. Tibbiyotdagi yuksak taraqqiyot va olamshumul kashfiyotlar ham bu kasallikka davo topolmay, uning qarshisida ojizlik qilmoqda. Bu — korrupsiya, ya’ni qorin qayg‘usida nafsning istagiga tobelik, desak, xato bo‘lmaydi. Uni esa faqat “halollik vaksinasi” bilan davolash mumkin. “Halollik vaksinasi” inson qalbiga igna bilan emas, iymon nuri orqali o‘tib, uning vijdonini poklaydi. Bola tug‘ilganidayoq unga ona suti orqali “halollik vaksinasi” singib boradi. Bu immunitetni shakllantirish, eng avvalo, ota-onalar, qolaversa, xalqimizning ziyoli, ma’naviyatli qatlami zimmasidagi muhim vazifa.
Onaning gapini ikki qilmagan o‘g‘illar
Bu haqda gap ketganda, Said Ahmadning “Kelinlar qo‘zg‘oloni” spektakli esga tushadi. Gap shundaki, satira va yumorga boy bu asarda o‘ta jiddiy, tomoshabinni o‘yga cho‘mdiradigan sahnalar ham bor. Masalan, davlat mulkini talon-toroj qilgani uchun qamoqqa olingan farzandini 15 ming so‘m (o‘sha vaqtda katta pul) pora evaziga chiqarib olmoqchi bo‘lgan ayol Farmonbibiga murojaat qilib, undan bu masalada milisioner o‘g‘li yordam berishida vositachi bo‘lishni so‘raydi. Shunda Farmonbibi o‘g‘illarini chaqirib bunday deydi:
— Bolajonlarim, men sizlarga harom tomoq yedirganmanmi? O‘g‘irlik qil deb o‘rgatganmanmi?
— Yo‘q, — deydi bir ovozdan yetti o‘g‘il.
— Bir gapimni ikki qilganmisizlar, o‘rtaga tushsam pora olasizlarmi?
— Oyijon, sizni hurmat qilamiz, lekin bu iltimosingizga yo‘q deymiz.
— Hammalaringga ming rahmat! Ming marta qulluq, — deb Farmonbibi farzandlariga ta’zim qiladi. Bu ta’zim zamirida bolalariga halollikdan bergan saboqlari besamar ketmagani, ularning diyonatli va to‘g‘riso‘z bo‘lib ulg‘ayganiga shukronalik tuyg‘usi bor edi. Va Farmonbibi pora taklif qilayotgan ayolga yuzlanib:
— Endi xafa bo‘lmaysiz, mening o‘g‘illarim shunaqa, gapga ko‘nmaydiganlar xilidan, — deya kesatiq qiladi.
Farmonbibi obrazi o‘ta qattiqqo‘l, hammaga o‘z hukmini o‘tkazadigan ayol sifatida tasvirlanganiga qaramasdan xalqimiz mehriga sazovor bo‘lganining boisi ham uning yuragi tozaligi, farzandlarini halol luqma bilan boqqani, ularni o‘g‘irlik, harom-xarishdan yiroq bo‘lishga undaganidadir, aslida. Bugun dunyoda eng global muammo bo‘lib turgan korrupsiyaning oldini olishda onalarning o‘rni nihoyatda katta ekani shu asarda yorqin bo‘yoqlarda aks ettirilgan. Binobarin, onaning halolligi, harom luqmadan hazar qilishi farzandlarga ham yuqadi. Ana shuning o‘zi Farmonbibining ona suti orqali o‘tgan “halollik vaksinasi”dir.
Korrupsiya ildizi oiladagi tarbiyaga borib taqalishini o‘g‘li qamalib, Farmonbibidan najot so‘rab kelgan ayolning gaplaridan ham anglasa bo‘ladi. U “O‘zi yemay, yeganni ko‘ra olmaydigan insofsizlar ko‘payib ketdi, bittagina arzanda o‘g‘limni qamab qo‘yishdi” deydi. Ko‘ryapsizmi, ayol “eganni ko‘ra olmaydigan” deganda huquq-tartibot organlari xodimlarini nazarda tutyapti. Davlat mulkini talon-toroj qilgan o‘g‘lini oqlab, uni hibsga olganlarni ayblayapti. Demak, u o‘g‘li noqonuniy ish bilan shug‘ullanayotganidan xabardor bo‘lgan va buni noto‘g‘ri deb hisoblamagan.
Afsuski, bunday holatlar jamiyatimizda ko‘p uchraydi…
Shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi
Ta’bir joiz bo‘lsa, korrupsiya saraton xastaligiga o‘xshaydi. Bu kasallik inson tanasining turli a’zolariga tarqalib borgani kabi u ham jamiyatning barcha sohasida tomir otib, uni falajlaydi. Masalan, ta’lim tizimini olaylik.
Tan olish kerak, uzoq yillar oliy ta’limda korrupsiya hukmronlik qilib, o‘qishga kirishdan tortib, talabaning o‘qish jarayonida ham ilm emas, shaxsiy manfaatdorlik ustunlik qildi. O‘qishga kiritib qo‘yishda turli firibgarliklar avj oldi. Telefonni yashirincha olib kirib, undan foydalanish, pulini to‘lagan abituriyentlarga tayyor javoblarni yetkazib berish, “bunker”lar tashkil qilish kabi qallobliklar bilimli qolib, bilimsiz bolalar talabalikka qabul qilinishiga olib keldi.
Shukrki, bugun bunday illatlarga barham berilmoqda. OTMga bilimli, salohiyatli yoshlar qabul qilinyapti. Yurtimizda ta’limda dunyo standartlariga chiqish yo‘lida tinimsiz sa’y-harakatlar olib borilyapti.
Lekin “O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas” deganlaridek, bugun ham pana-pastqam joylarda abituriyentlarni “ovlab” yurgan firibgar shaxslar ahyon-ahyonda uchrab turibdi. Mana bir misol. Korrupsiya holatlari haqida xabar beruvchi “Xavfsizlik” telegram kanali ma’lum qilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi va viloyat IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Namangan davlat universiteti o‘qituvchisi o‘zganing ishonchiga kirib, tanishlari orqali uning qarindoshini Qirg‘iz Respublikasidagi oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kiritib, so‘ngra O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirib berishni va’da qilgan va buning evaziga 4 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Yoki Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanidagi umumta’lim maktabining ingliz tili o‘qituvchisi tanishlari yordamida Toyloq tumanida yashovchi fuqaroning xorijiy oliy ta’lim muassasasi talabasi ekanligi to‘g‘risida soxta hujjat tayyorlab, Samarqand davlat tibbiyot universitetining 2-bosqichiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 6 ming dollar hamda uning qarindoshiga ingliz tili bo‘yicha milliy sertifikat olib berish uchun 1200 dollar, jami 7,2 ming dollarni olgan vaqtida DXX Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi va IJQK departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olinganiga nima deysiz?
Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Lekin kishini masalaning boshqa jihati o‘ylantiradi. Firibgarlarga porani aksariyat hollarda talaba bo‘lish ilinjidagi yoshlar emas, ularning ota-onalari beradi. Farzandlarini yoshligidanoq muammolarini bilim bilan emas, pora bilan hal qilishga o‘rgatayotgan bunday ota-onalarning o‘zlari “halollik vaksinasi”ga muhtojday, nazarimizda…
Xalq puliga ko‘z olaytirmang!
Prezidentimiz raisligida shu yil 16 yanvar kuni iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha hukumat oldidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida o‘tgan yili byudjetdan 1,2 trln. so‘mlik noqonuniy xarajat hamda 200 mlrd. so‘mlik kamomad va o‘g‘irliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangani aytildi.
E’tibor bering, shuncha mablag‘ xalqimizning ezgu maqsadlari yo‘lida sarflanishi belgilangan. Shunday ekan, nafsining quliga aylangan va el-yurt taraqqiyotidan o‘z manfaatini ustun qo‘ygan bunday kishilarni kim deb atash mumkin? Nahotki, ularning maqsad-muddaosi faqat qorin qayg‘usi va mol-dunyoga hirs qo‘yish bo‘lsa?
Vaholanki, hayotda uchrayotgan bunday illatlarga murosasiz bo‘lish, uni fosh etish bugungi kunning eng dolzarb vazifasidir.
Yana ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilgan ma’lumotlarga murojaat qilamiz. DXXning Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi materiallari asosida viloyat Davlat moliyaviy nazorati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida Mirzacho‘l tumani xalq ta’limi bo‘limi faoliyatidagi qonunbuzarlik holatlari aniqlangan. Xususan, o‘rnatilgan tartib-qoidalarga zid ravishda sinflar shakllantirilishi, ta’til, ish haqi va ustama pullar ortiqcha to‘lanishi, qurilish-ta’mirlash ishlarida qo‘shib yozish, umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi tovar-moddiy boyliklarda kamomadlar mavjudligi va boshqa holatlar natijasida davlatga 1 mlrd. 593 mln. so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
DXXning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQK departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda viloyat Soliq boshqarmasi soliq nazorati bo‘limi bosh inspektori Pastdarg‘om tumanida faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatda o‘tkazilgan tekshiruvda aniqlangan 2,5 mlrd. so‘mlik soliq qarzdorligini ushbu tekshiruvni o‘tkazgan hamkasbi orqali 1 mlrd. so‘mga tushirib berish uchun 15 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Eng yomoni, bunday korrupsiya holatlari kasb taqozosiga ko‘ra adolatni himoya qilishi lozim bo‘lgan shaxslar orasida ham uchraydi. Masalan, Namangan shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik firmasi xodimi mahalliy fuqaroning ma’muriy sudda ko‘rilayotgan mulkiy nizo bilan bog‘liq masalasini sud idoralarida ishlovchi tanishlari orqali uning foydasiga hal qilib berish evaziga 10 ming dollar, shuningdek, ko‘rilayotgan ish doirasida ekspertiza xulosasini rasmiylashtirib berish evaziga 2 ming dollar, jami 12 ming dollar talab qilib, oldindan 7 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Boshqa bir holatda esa Surxondaryo viloyati sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining sudya katta yordamchisi mahalliy tadbirkorning ishonchiga kirib, uning apellyasiya bosqichida ko‘rilayotgan da’vo arizasini hamkasblari orqali ijobiy hal qilib berish evaziga 6 ming dollar olgan vaqtida DXXning viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan hibsga olingan. Ba’zan “Qo‘lga tushibdi, ajab bo‘pti, qadamini o‘ylab bossin edi” deb qo‘ya qolamiz. Aslida esa qo‘lga tushganni qoralash bilan ish bitmaydi…
Korrupsiyaga qarshi aytar so‘zimiz bormi?
Korrupsiya shunday illatki, u jamiyatda adolatsizlikni, haqsizlikni vujudga keltiradi. Ishda sifat va samaradorlik yo‘qoladi. “Yashirin iqtisodiyot” rivojlanadi.
Albatta, bunday bo‘lishiga hammamiz qarshimiz, ammo bilib-bilmay o‘zimiz ham ishtirokchiga aylanib qolayotganimiz, gohida korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan xodimni ko‘rib, ko‘rmaslikka olayotganimiz achinarlidir. Chunki korrupsiya aynan o‘sha loqaydligimiz tufayli rivojlanadi.
Masalan, ko‘pincha qoidani buzgan haydovchi yo‘l-patrul xizmati vakiliga iltimos qiladi, yolvoradi. Lekin u o‘z vazifasini sidqidildan bajarib, haydovchiga jarima yozsa, “Gapga ko‘nmaydigan, nomard odam ekan” deydi. Shaxsiy manfaatdorlik evaziga haydovchining qilgan aybini yashirgan xodimni esa maqtaydi, “Mard ekan, gapga ko‘ndi” deydi. Bu bilan korrupsiyaga yo‘l ochib berayotganini xayoliga ham keltirmaydi.
Korrupsiyaning katta-kichigi bo‘lmaydi. Binobarin, korrupsiya “tegirmoni”ga o‘zimiz suv quyib, tag‘in bu illatdan o‘zimiz nolib yurishimiz ortiqcha.
— Insonni qiyin ahvolga tushiradigan, ruhan ezadigan holatlar ichida eng og‘iri adolatsizlik hisoblanadi, deyish mumkin, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi a’zosi Dilbar Mamajonova. — Uning bir ildizi korrupsiya bilan bog‘liq bo‘lib, bu shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishida ifodalanadi. Keyingi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib borilayotganiga barchamiz guvohmiz. Bu kurashda esa nafaqat biz, deputatlar, balki keng jamoatchilik, o‘qituvchilar, ayniqsa, ota-onalar faol ishtirok etishi lozim. Jamiyatdagi bu illatning yurtimiz taraqqiyotiga Qov, inson sha’niga qora dog‘ ekanini farzandlarimiz chuqur idrok etishiga erishishimiz kerak.
Ma’lumki, 2023 yil 19 dekabr kuni “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida dunyo hamjamiyatining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarini ifodalovchi monument ochildi. Kafti ochiq qo‘l ko‘rinishida metalldan ishlangan ushbu o‘n ikki metrlik kompozisiya halollik, pok amal va niyatlarni, korrupsiyaga nisbatan mutlaq toqatsizlikni, dunyoning barcha mamlakatlarini unga qarshi kurashishda birlashishga chaqiriqni anglatadi. Bu esa O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashdagi mintaqaviy va global tashabbus hamda yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashini, ularda faol qatnashishga tayyorligini bildiradi. Demak, korrupsiyaning payi qirqilmoqda.
Xulosa qilib aytish mumkinki, O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurash sohasida amaliy ishlar bosqichiga chiqdi va bu jarayon uzluksiz davom etadi.
Halollik doimiy dasturimiz bo‘lsin
Bugun jamiyatni poraxo‘rlikdan tozalash, bu illatning mamlakat taraqqiyotiga qay darajada salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani haqida ko‘p gapiryapmiz. “Korrupsiya” degan istiloh tilimizdan tushmay qoldi. Ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda kunda-kunora qaysidir sudyaning, ta’lim muassasasi ma’murining, bojxona yoki prokuratura xodimining katta miqdorda pora bilan qo‘lga tushgani haqida xabar tarqalmoqda.
Bu sa’y-harakatlar natijasida hozirgi kunda aholi orasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat qaror topmoqda. Korrupsiya bilan bog‘liq holatlar tez-tez fosh etilayotgani va aybdorlar jazoga tortilayotgani shuning natijasidir.
Demak, bu harakat yanada keng quloch yoysa, ya’ni har bir shaxs tamagirlik holatiga duch kelganda, bu haqda tegishli organlarga xabar qilsa, pora berishdan tiyilsa, birovning haqidan hazar qilsa, yanada samaraliroq natijaga erishishimiz muqarrar. Zero, korrupsiyadan qutulish — yemirilishdan qutulish ekanini barchamiz anglashimiz shart. Unutmang, korrupsiya uchun faqat pora oluvchi mansabdor emas, balki beruvchi shaxs ham javobgar bo‘ladi.
Haqiqat shuki, korrupsiyaning oldini olishning eng maqbul yo‘li — halollik. Halollik bor joyda fayzu baraka bo‘ladi. Bu fazilat esa oilada shakllanib, jamiyatda o‘zini ko‘rsatadi.
…Dehqonobod tumanida Oqrabot qishlog‘i bor. Bu manzil purviqor tog‘larga tutashib ketgan. Odamlarining qalbi ham buloq suvidek toza va tog‘ havosidek musaffo. Bu qishloqqa yaqin hududdagi tog‘da g‘or bo‘lib, uning ichidagi harorat qishin-yozin salqin bo‘ladi. Aholi shu g‘or tokchalarida mol qorniga solingan sariyog‘ni saqlashadi. Mahsulot xuddi muzlatkichda turgandek saqlanadi. Hayratlanarli tomoni g‘orning na eshigi bor, na qulfi. Lekin hech kim birovning haqiga xiyonat qilmaydi. Bu holat, shubhasiz, qishloq ahlining “halollik vaksinasi” bilan emlanganidan darak beradi.
Albatta, yurtimizda bunday mahallayu qishloqlar, qalbi pok va beg‘ubor kishilar ko‘plab topiladi. Yaxshi odamlarning borligi uchun ham dunyo mavjud, tiriklik bardavom.
Shu o‘rinda ulug‘ bobokalonimiz, sohibqiron Amir Temurning o‘z vasiyatida “O‘g‘illarim, adolat va ezgulik qilmoq doimiy dasturingiz, rahbaringiz bo‘lsin” degan so‘zlarini yodga olmoqning ayni mavridi. Zotan, biz ulug‘ ajdodlarimizning vorisi ekanimizni, ularga munosib farzand bo‘lish vijdoniy burchimiz ekanini hech qachon unutmaylik.
“Xalq so‘zi”dan olindi