Bugun 6 may, 2024 yil, dushanba

КИР

Farg‘onada nohaq ayblangan aka-singil oqlandi

Farg‘onada nohaq ayblangan aka-singil oqlandi

Ma’lumki, so‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar natijasida inson huquqlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu esa, ayniqsa, sudlarning oqlov hukmlari va ajrimlarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Far­g‘ona viloyat sudining kassasiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan, O‘zbekiston tumanida yashovchi tadbirkor aka-singil Saydali Muxtorov va Muntazamxon Muxtorovalarga oid jinoyat ishi ham bu fikr­ning yorqin isbotidir.

Aytish kerakki, aka-singil tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelishgan. Ya’ni Saydali tumandagi «AL IM­RON FAYZ» xususiy korxonasi rahbari, Muntazamxon esa, korxona ish yurituvchisi sifatida faoliyat olib borgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tumani sudining 2019 yil 4 noyabrdagi hukmiga binoan, Muntazamxon Muxtorova 2014 yil oktyabr oyida akasi Saydali Muxtorov bilan o‘za­ro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, O‘zbekiston tu­mani Fayzobod qishlog‘ida joylashgan «Ergashali Tursunov Nursux» xususiy korxonasiga qarashli 4-sonli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasini fuqaro Ergashali Tursunov bilan 25 000 AQSh dollari (75 000 000 so‘m) ga sotib olishga kelishadi. Kelishuvga ko‘ra, aka-singil Muxtorovlar mulkning pulini 3 kun muddatda to‘lashga va’da berishadi.

Shu tariqa ular E. Tursunovning ishonchiga kirib, korxona guvohnomasi, nizomi, muhri hamda yoqilg‘i quyish shoxobchasining bino va inshootlari kadastr hujjatlarini korxona faoliyati to‘g‘ri ekanini tekshirib ko‘rish uchun olib ketishadi.

Shundan so‘ng — 2018 yil may oyiga qadar kelishilgan pulning 25 000 000 so‘mini turli ko‘rinishlarda berishadi, xolos. So‘ngra Ergashali Tursunovning o‘g‘li Ubaydullo Tursunov nomidan go‘yoki shoxobchaning kelishilgan 75 000 000 so‘m pulidan 57 300 000 so‘mini olgani haqida tilxat yozib, U. Tursunovning imzosini qalbakilashtirishadi.

Bundan tashqari Muntazamxon 2018 yil 9 mart kuni akasi S. Muxtorov bilan «Ergashali Tursunov Nursux» xususiy korxonasiga tegishli muhr va hujjatlar o‘zlarida ekanligidan foydalangan holda xususiy korxonaga Saydali Muxtorovni rahbar etib tayinlash to‘g‘risidagi qalbaki yig‘ilish bayoni hamda korxonani qayta ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi arizasini tayyorlashadi.

Ayni hujjatlarga ham U. Tursunovning imzolarini soxtalashtirib qo‘yib, O‘zbekiston tumani «Yagona darcha» markaziga taqdim etishadi. Natijada 2018 yil 12 mart kuni S. Muxtorovni korxona rahbari sifatida, AYOQSh bino va inshootlarini ham korxona mulki sifatida nizomiga kiritgan holda korxonani qayta ro‘yxatdan o‘tkazishga erishishadi. Bu bilan aka-singil o‘zganing ko‘p miqdordagi — 75 000 000 so‘mlik mulkini va mulkka bo‘lgan huquqlarini qo‘lga ki­ritib, firibgarlik jinoyatini sodir etishadi.

Binobarin, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Sud esa, M. Muxtorovani Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-kismi «a», «b»-bandlari, 228-moddasi 2-qismi «a», «b»-bandlari, 228-moddasi 3-qismi bilan, S. Muxtorovni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a»-bandi, 228-moddasi 2-qismi «b»-bandi, 228-moddasi 3-qismi bilan aybdor deb topib, qonuniy jazo tayinlaydi.

Ammo Muntazamxon Muxtorova sud hukmidan norozi bo‘lib, kassasiya tartibida shikoyat bilan murojaat qiladi. U o‘z shikoyatida bi­rinchi bosqich sudi tomonidan aybsizligi ha­qidagi vajlari tekshirilmasdan noqonuniy hukm chiqarilganini ma’lum qi­lib, oqlov hukmi chiqarishni so‘raydi.

Jinoyat-prosessual kodeksining 95-moddasida dalillar jinoyat ishi uchun ahamiyatli bo‘lgan mavjud holatlar haqidagi xulosalarni tasdiqlovchi, rad etuvchi yoki shubha ostiga oluvchi faktlar yoki narsalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aks ettirgan taqdirdagina ishga aloqador deb e’tirof etilishi, 455-moddasida esa, hukm qonuniy, asosli va adolatli bo‘lishi shartligi, sud hukmi fa­­­qat sud muhokamasida tekshirilgan dalillar bilan asoslanishi lozimligi ko‘rsatilgan. Biroq birinchi instansiya sudi ishni ko‘rishda Muntazamxon Muxtorova va Saydali Muxtorovlarning e’lon qilingan ayblovga umuman iqror bo‘l­masdan, aybi yo‘qligi ha­qida vajlar keltirib, oq­lov hukmi chiqarish haqi­da­gi ko‘rsatmalariga yetarlicha baho bermay, ularning vajlarini sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘liq va xolisona tekshirib chiqmasdan, sud hukmida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilganligini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan dalillar Jinoyat prosessual kodeksining 95-moddasiga muvofiq ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholanishi lozimligi, agar ish bo‘yicha jinoyat sodir qilganlikda bir necha sudlanuvchilar ayblanayotgan bo‘lsa, sud hukmida har bir sudlanuvchiga nisbatan dalillar keltirishi va tahlil qilib chiqishi hamda xulosa qilishi zarurligi ha­qidagi qonun talablari va Plenum qarori tushuntirishlariga rioya qilmagan.

Kassasiya sudi majlisida ayon bo‘lishicha, Ubaydullo Tursunov 2012 yildan boshlab bir necha marotaba M. Muxtorovadan qarzga pul so‘ragan. Shu bois Muntazamxon ba’zan naqd pul bergan, ayrim hollarda o‘z korxonasining hisob raqamidan U. Tursunov aytgan hi­sob raqamlarga pul o‘tkazib bergan.

Natijada Ubaydullo 2014 yilga kelib, undan 14 000 000 so‘m atrofida qarz bo‘lib qolgan. Lekin qarzlarini qaytarmagan. Binobarin, M. Muxtorova qarzdorning otasi Ergashali Tursunov bilan uchrashib gaplashgan. Shunda E. Tursunov o‘ziga tegishli «Ergashali Tursunov Nursux» korxonasiga qarashli 4-sonli AYOQShni sotib, o‘g‘­lining qazlarini qaytarishini aytgan.

Keyinchalik esa, Muntazamxonning o‘zi AYOQShni sotib olishga kelishgan.

Ya’ni Ubaydulloning qarzlarini chegirib, «Ergashali Tursunov Nursux» xususiy korxonasining soliqdan bo‘lgan qarzlarini to‘lashga va qolgan pulni berishga kelishgan.

Shunday bo‘lgan ham. Faqat M. Muxtorova barcha to‘­lovlarni amalga oshirib, 12 400 000 so‘m pulni moddiy jihatdan qiyinalgani sababli bera olmagan.

Garchi «Ergashali Tursunov Nursux» xususiy korxonasi va nizomini O‘zbekiston tumani davlat xizmatlari markazidan qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishi, tuman davlat notarial idorasi orqali AYOQSh mulklarining garovga qo‘yilishi ka­bi harakatlarning barchasini ota-bola Tursunovlar o‘z roziliklari bilan amalga oshirgan bo‘lishsa-da, tergov va sud jarayonida ular Muntazamxon va Saydali hujjatlarni qalbakilashtirgani hamda firibgarlik qilganini bildirishgan. Ota-bolaning ko‘r­sat­malarini esa, guvoh A. Imomnazarov va qo‘shimcha guvoh R. Zohidovlar ham qo‘l­lab-quvvatlashgan. Ammo Ergashali Tursunovning o‘zi­ga tegishli AYOQShning yer va mulklari M. Muxtorova tomonidan garovga qo‘yilib, «Mikrokreditbank»ning Qo‘qon filialidan 170 000 000 so‘m kredit olinganidan 2019 yil mart oyida bank xodimlari uyi­ga kelgach, xabar topgani ha­qidagi ko‘rsatmalari asossizdir. Negaki, u 2018 yil 29 mart kuni «Ergashali Tursunov Nursux» xususiy kor­xonasi balansidagi 4-sonli AYOQSh mulklari ham­da yerga egalik qilish huqu­qi bilan garovga qo‘yilishiga rozilik bildirgan. Uning bu haqdagi rozilik arizasi va imzosi O‘zbekiston tumani davlat notariusi tomonidan tasdiqlangan. Shuningdek, E. Tursunov o‘zining ko‘rsatmalarida 2018 yil oktyabr oyida M. Muxtorova bilan ko‘rishib, olingan kredit hisobidan 500 AQSh dollariga teng 3 900 000 so‘mni olganini bayon qilgan.

Bu esa, Ergashali Tursunovning M. Muxtorovani bankdan kredit olishidan xabardor bo‘lganidan dalolat beradi. O‘z-o‘zidan ayonki, bunday shub­hali va qarama-qarshi ho­latlar shaxsni ayblash uchun asos bo‘lolmaydi.

Jinoyat-prosessual kodeksining 83-moddasida sudlanuvchini qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa, ayb­siz deb topilishi va reabilitasiya etilishi, 464-moddasida esa, jinoyat sodir etilishiga sudlanuvchi daxldor bo‘lmasa, sudlanuvchiga qo‘yilgan ayblov ish holatlari batafsil tekshirilgandan keyin ishonarli tarzda o‘z tasdig‘ini topmasa, sud sudlanuvchini oqlashi belgilangan. Ana shu asoslarga tayangan jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi o‘zining 2020 yil 7 iyuldagi ajrimi bi­lan jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tuman sudining 2019 yil 4 noyabrdagi hukmini bekor qilib, Muntazamxon Muxtorova va Saydali Muxtorovni aybsiz deb topib, oqladi.

Shu tariqa adolat qa­ror topib, aka-singil tadbirkorlar nohaq ayblovdan xalos bo‘lishdi.

Bundan tashqari sud Ergashali Tursunov, Ubaydullo Tursunov, A. Imomnazarov va R. Zohidovlarning kassasiya instansiya sudida bergan ko‘rsatmalarini ishonchga sazovor bo‘lgan va ish holatiga mos keluvchi dalillar yig‘inidisi bilan rad qildi. Ya’­ni, ular sudda bila turib, yolg‘on ko‘r­satma bermaslik va o‘z zimmasidagi vazifani bajarishdan bo‘yin tovlash uchun Jinoyat kodeksining 238-moddasi bilan ogohlantirilishga qaramasdan yolg‘on ko‘rsatma bergani, R. Zohidov esa, ishni sudda ko‘rish vaqtida guvoh D. Husanbo­evani yolg‘on guvohlik berishga majbur qilib, ish bo‘yicha haqi­qatni aniqlashga to‘s­qinlik qilganlikdagi harakatlariga huquqiy baho berib o‘tdi.

Jinoyat-prosessual kodeksining 417-moddasida agar sud tergovi vaqtida javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlansa, sud jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda bu haqda prokurorga xabar qilishi belgilangan. Shu bois, sud E. Tursunov, guvohlar U. Tursunov, A. Imomnazarov va R. Zohidovning harakatlarida Jinoyat kodeksining 238-moddasida nazarda tutilgan ji­noyat alomatlari mavjudligi sababli xususiy ajrim chiqarib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasini hal qilish uchun tegishli materiallarni Farg‘ona viloyat prokuroriga yubordi.

Albatta, ayni paytda sud­lar faoliyatidan bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Zotan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘­lamli sud-huquq islohotlari har bir ish bo‘yicha adolatni qaror toptirishni ta­qozo etmoqda. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, sudyaning ongida — adolat, tilida — haqiqat, dilida — poklik hukmron bo‘lishi kerak.

Kiritildi: 13:06 08.10.2020. O'qildi: 2849 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!