Davlat organlarida korrupsion holatlarni aniqlash va ularga chek qo‘yish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Xususan, “Farg‘ona viloyati hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatining Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorat bo‘limi boshlig‘i viloyatdagi tumanlardan birining elektr tarmoqlari korxonasi bosh muhandisi 2024 yil 9 oylik faoliyati davomida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun kelgusida ishdan bo‘shatilmasligi evaziga, undan 1000 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu noqonuniy ishga AJning xodimlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i ham aloqador ekanligi aniqlandi.
Hozirda mazkur ikki shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.