Farg‘onada o‘z ayolini tushida ko‘rgan xiyonati sabab o‘ldirgan erkakka sud hukmi o‘qildi. Bu haqda viloyat Sudi Matbuot xizmati xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida sodir bo‘lgan. Tonggi soat 4:30 larda erkak uxlayotgan vaqtda tushida o‘z ayolining xiyonatini ko‘rgan va holatdan qo‘rqib uyg‘onib ketadi. Erkak yostig‘i tagida turgan pichoqni olib, uxlab yotgan ayolining hayoti uchun xavfli bo‘lgan turli joylariga 13 marta urgan.
Buni tush ekanligini anglagan er shifokorlarga o‘zi murojaat qilgan. Ammo, ayol tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.
Sudda hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi erkakning bu kabi shubha-gumonlari voqea sodir bo‘lgan kuni paydo bo‘lmagan. Avvaldan ayoli bilan gumonlar sabab janjallashib kelgan. Aniqlanishicha, ularning uch nafar farzandi ham bo‘lgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudining hukmi bilan erkakka Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish)ga asosan 16 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.