Bugun 24 aprel, 2024 yil, chorshanba

КИР

Ey hokimlar, "zamhokim"lar...

Ey hokimlar, "zamhokim"lar...

(Faqat o‘z huzurini o‘ylaydigan loqayd hokim va “zamhokim”larga. 
                Vijdoni toza va yuzi yorug‘larga zarracha ham daxli yo‘q)

Ey hokimlar, “zamhokim”lar,
Ulug‘ boshi xam hokimlar,
Shumi axir yurtga xizmat, 
Siz boqibeg‘am hokimlar. 
Nafs yonsin, vijdon yonmasin, 
Pokiza iymon yonmasin, 
O‘t ketib, zamon yonmasin, 
Kuymasin odam, hokimlar.
Qush uyi-da, buzilmasin, 
Ko‘zlarda yosh tizilmasin, 
Ishonch-rishta uzilmasin, 
O‘ylang-da, siz ham hokimlar. 
Yurt dardini o‘ylang dildan, 
Ayro tushmang to‘g‘ri yo‘ldan,
 Etadi, deng, bitta kulbam, 
Ne kerak hasham, hokimlar?
Chang solsa mol-dunyo hirsi, 
Quving, dilga poklik kirsin, 
Egasiz qolmagay kursi,
O‘ylangiz, har dam, hokimlar.
Nazar tushmas kishi alhol 
Bo‘lolmas  hammolu dallol, 
Bu mansab – omonat bir mol,
So‘ng tortmang alam, hokimlar.  
Qabulda sarson, ovora, 
Dardiga topolmay chora, 
Ko‘tarib yurmasin pora, 
Hech ko‘rmasin kam, hokimlar. 
Tutilgan ko‘zgu sinmasin, 
Kutilgan orzu so‘nmasin,
Ishonch, nazardan qo‘ymasin, 
El umidi jam, hokimlar.
Bizning puldan oyligingiz,
Qozon-cho‘mich moyligingiz,  
El ishonchi - boyligingiz,
Eh, “og‘am”, “akam”, hokimlar.
Kaltakni yetim yemasin, 
Holvani hokim yemasin, 
Kim nima desin-demasin,
O‘zingiz – hakam, hokimlar.
Elga darddosh bo‘lolmassiz,
Metin bardosh bo‘lolmassiz, 
Quyosh-oy-ku bo‘lolmassiz,
Bo‘ling bitta sham, hokimlar. 
 Qani xalqning ko‘ngli to‘lsa,
Qadamingiz qutlug‘ kelsa...
Elning yuki og‘ir bo‘lsa,
Mayli, oling dam, hokimlar... 
Imkoningiz bordir hamon, 
Boshingiz bo‘lsin-da omon, 
Oshga emas, elga tomon
Tashlang bir qadam, hokimlar...

Nuriddin Egamov.

Kiritildi: 15:31 31.10.2019. O'qildi: 4625 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!