Yevroparlamentda Ursula fon der Lyayenga nisbatan ishonchsizlik votumi yana rad etildi — Deutsche Welle.
Nashrning xabar berishicha, Yevroparlament a’zolari Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayenga nisbatan ishonchsizlik votumini qo‘llab-quvvatlamadi. Ovoz berish natijasiga ko‘ra, 390 nafar deputat votumga qarshi chiqqan, 165 nafari esa tashabbusni yoqlagan. Bu Yevroparlamentning joriy chaqiriq davrida ishonchsizlik votumi bo‘yicha to‘rtinchi muvaffaqiyatsiz urinish bo‘ldi.
Qayd etilishicha, ishonchsizlik votumi Fransiyadagi o‘ta o‘ng populistlar yetakchisi Jordan Bardella va uning “Evropa uchun vatanparvarlar” guruhi tomonidan ilgari surilgan. Ular bu tashabbus sababi sifatida Yevropa Ittifoqining Janubiy Amerika davlatlarining Mercosur tashkilotiga a’zo davlatlar bilan tuzilayotgan savdo kelishuvini keltirib, Ursula fon der Lyayenni “evropalik fermerlar va fuqarolar fikrini inobatga olmaslikda” ayblagan.
Rezolyusiyani boshqa o‘ng populistlar qatorida Germaniyaning “Germaniya uchun muqobil” partiyasidan uch nafar deputat ham qo‘llab-quvvatlagan. Ursula fon der Lyayen muhokamada ishtirok etmagan.