Bugun 21 sentyabr, 2025 yil, yakshanba

КИР

Evropaning yirik aeroportlariga kiberhujum uyushtirildi

Evropaning yirik aeroportlariga kiberhujum uyushtirildi

Collins Aerospace — butun dunyodagi ko‘plab aviakompaniyalarga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniya kiberhujum oqibatida texnik muammolarga duch keldi, deya xabar bermoqda Reuters.

Heathrow aeroporti bu parvozlarni kechiktirishi mumkinligini ma’lum qildi.

Brussels Airport va Berlin Airport ham kiberhujumdan jabrlangani haqida alohida bayonot berdi.

RTX korporasiyasining Collins Aerospace kompaniyasi o‘z dasturiy ta’minoti “ayrim aeroportlarda kiberhujumga aloqador buzilish”ga uchraganini tasdiqladi, ammo qaysi aeroportlar ekanini aniqlashtirmadi.

RTX’ning bayonotiga ko‘ra, ta’sir faqat elektron ro‘yxatga olish va yuk topshirish tizimlariga tegishli, muammoni esa qo‘lda ro‘yxatga olish orqali vaqtincha bartaraf etish mumkin. Kompaniya muammoni eng qisqa vaqt ichida hal qilishga harakat qilayotganini bildirdi.

Brussels Airport ma’lumoticha, hujum juma kuni kechasi sodir bo‘lgan va avtomatlashtirilgan tizimlar ishdan chiqqan. Hozirda faqat qo‘lda ro‘yxatga olish va samolyotga chiqarish amalga oshirilmoqda.

“Bu parvozlar jadvaliga katta ta’sir ko‘rsatadi va afsuski, kechikishlar hamda bekor qilingan reyslarga sabab bo‘ladi”, — deyilgan bayonotda.

Ayni vaqtga qadar 10 ta reys bekor qilindi, barcha uchishlar o‘rtacha bir soatga kechikmoqda.

Berlin Airport saytida esa ro‘yxatdan o‘tishda uzoq navbatlar yuzaga kelayotgani va muammoni tezda hal qilish ustida ishlanayotgani qayd etildi. Germaniyaning eng yirik aeroporti Frankfurt Airport esa hujumdan jabrlanmagan.

Berlin Airport yo‘lovchisi Kim Rayzen kechikish va ma’lumot yetishmasligidan shikoyat qildi: “Bizga faqat texnik nosozlik deyishdi, boshqa izoh yo‘q”.

“Bugungi texnologiyalar davrida bunday hujumdan himoyalanish imkoni yo‘qligi aqlga sig‘maydi”, - dedi yana bir yo‘lovchi Zigfrid Shvars,

Evropaning yirik aviakompaniyalaridan EasyJet o‘z parvozlari odatdagi tartibda amalga oshirilayotgani va bu muammo kun oxiriga qadar reyslarga ta’sir qilmasligini bildirdi.

Kiritildi: 23:55 20.09.2025. O'qildi: 223 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!