Xavfsizlikning mustahkam kafolatlari va muzokaralarni boshlash: Yevropaning katta uchligi Zelenskiy bilan adolatli tinchlikning beshta shartini kelishib oldi.
Ukraina va uning yevropalik yaqin ittifoqchilari — Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya rahbarlari Rossiya bilan urushni tugatish bo‘yicha "adolatli va barqaror" bitim tuzish uchun beshta shartni kelishib oldilar.
Zelenskiy bilan Londonda bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng e’lon qilingan qo‘shma bayonotda Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya kansleri Fridrix Mers Ukrainani "qat’iy qo‘llab-quvvatlashlarini" bildirdilar.
Bayonotda aytilishicha, Yevropa kelajakdagi tartibga solish jarayonida asosiy rolni o‘z zimmasiga oladi. Shu bilan birga, ushbu jarayonda AQSh ishtirok etishi zarurligi ta’kidlanadi.
Londondagi uchrashuvda Ukraina, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya rahbarlari adolatli tinchlik uchun quyidagi beshta shartni kelishib oldilar:
▪️ O‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish. Putin harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatishga rozi bo‘lishi kerak.
▪️ Hozirgi to‘qnashuv chizig‘i muzokaralar uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lishi lozim. Chegaralar kuch ishlatish yo‘li bilan o‘zgartirilishi mumkin emas, Ukrainaning ittifoqlar (jumladan, NATO) tuzish bo‘yicha suveren huquqi to‘liq hurmat qilinishi kerak.
▪️ Xavfsizlikning ishonchli huquqiy kafolatlari. Ular o‘t ochish to‘xtatilganidan keyin zudlik bilan kuchga kirishi va Ukrainada xalqaro kuchlarni joylashtirishni o‘z ichiga olishi kerak.
▪️ Rossiya mablag‘lari toki Rossiya barcha zararlarni qoplamaguncha muzlatilgan holatda qoladi.
▪️ Tinchlik bitimida Yevropa xavfsizlik manfaatlari hisobga olinishi shart. Yevropa Ittifoqi va NATO'ga taalluqli har qanday muzokaralar mos ravishda Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlar, shuningdek, Shimoliy Atlantika alyansi ittifoqchilarining roziligini talab qiladi.