Ispaniya va Portugaliyada o‘rmon yong‘inlari xavfi yuqoriligi e’lon qilindi. Skandinaviya mamlakatlarida havo harorati rekordlarni yangilayapti. Polshada bo‘ronlar va momaqaldiroqli kuchli yomg‘irlarga tayyorgarlik ko‘rilyapti. Bu haqda Euronews telekanali xabar berdi.
Portugaliyada o‘rmon yong‘inlari xavfi yuqoriligi sababli favqulodda holat e’lon qilindi. Mamlakatda kuchli jazirama kuzatilyapti. Sinoptiklar havo harorati Selsiy bo‘yicha ortiqcha 36 dan 44 darajagacha bo‘lishini bashorat qilyapti.
Favqulodda xizmatlar yuqori shay holatga keltirildi. Yong‘in tufayli Duero daryosi vodiysidagi qishloq aholisini evakuasiya qilishga to‘g‘ri keldi.
Klimatologlarning fikriga ko‘ra, bunday g‘ayritabiiy ob-havoning izohi shundaki, Shimoliy Afrikadan kelgan issiq havo massalari Pireney yarim orolida osilgan.
Ispaniyada bu yozda ikkinchi marta jazirama kuzatildi va bu hafta oxirigacha davom etishi kutilyapti. Har ikki mamlakatda jazirama dushanba va seshanba kunlari eng yuqori cho‘qqiga chiqadi. Kantabriya va Kanar orollari bundan mustasno, butun mintaqa uchun noqulay ob-havo sharoiti uchun "qizil ogohlantirish" e’lon qilingan.
Nisbatan salqin yozga o‘rganib qolgan Skandinaviya mamlakatlari ham misli ko‘rilmagan yuqori haroratdan aziyat chekyapti.
Olimlarning aytishicha, mintaqa 1960 yillardan buyon eng uzun issiqlik to‘lqinini boshdan kechiryapti. Finlyandiyada iyul oyida simob harorati uch hafta davomida Selsiy bo‘yicha 30 darajadan pastga tushmadi. Shvesiyada ham xuddi shunday harorat 12 kun davom etgan.
Polshaning sharqiy qismida momaqaldiroq, yomg‘ir va do‘l yog‘ishi haqida ogohlantirish e’lon qilindi. 80 km/soatgacha kuchli shamol esib, 45 mm gacha yog‘ingarchilik kutilyapti.
Aholi yana bir jazirama to‘lqiniga tayyorlanyapti: bir qator hududlarda harorat 30 °C atrofida saqlanib qoladi.
Italiyada uzoq davom etayotgan chidab bo‘lmas jazirama nihoyasiga yetyapti, ob-havo xizmatlari dalda bermoqda. Ba’zi hududlarda, xususan, Adriatik sohilida kuchli yomg‘ir boshlandi.