Evropa va Ukraina Tramp Kiyev va Moskva o‘rtasidagi tinchlik muzokaralaridan chiqishga tayyorlanayotganidan xavotirda. Bu haqda Financial Times xabar berdi.
Gazetaning yozishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni yakunlashga qaratilgan tinchlik muzokaralaridan voz kechishga yaqin turibdi. Nashr bu haqda Yevropa va Ukraina rasmiylariga tayanib xabar bermoqda.
Manbalarning aytishicha, Tramp muzokaralardagi “muhim bo‘lmagan siljishlar”ni bahona qilib, “meni ishim tugadi” deb aytishi mumkin. AQSh vakillari bilan so‘nggi uchrashuvlardan so‘ng Yevropa va Ukraina rasmiylari Tramp bu hafta muzokaralardagi har qanday ilgarilashdan foydalanib, ularni tark etishga tayyorligiga ishonch hosil qilgan.
"Tramp o‘ziga bahona yaratmoqda, shunda u muzokaralarni tark etib, hammasini Ukraina va Yevropaga tashlab qo‘yishi mumkin", — deya hisoblaydi FT manbalaridan biri.
Gazetaning yozishicha, Ukraina rasmiylari allaqachon yolg‘iz harakat qilishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlagan: ular ichki qurol-yarog‘ ishlab chiqarishni oshirgan va Yevropa ittifoqchilari bilan kelgusidagi yordam bo‘yicha muzokaralarni kuchaytirgan.
Avvalroq AQSh davlat kotibi Marko Rubio 28 aprel – 4 may oralig‘idagi hafta Rossiya-Ukraina urushi bo‘yicha muzokaralar uchun “juda muhim” bo‘lishini aytgandi. Shu bilan birga, tinchlik kelishuvining aniq muddatini belgilash “ahmoqlik” bo‘lishini qo‘shimcha qilgandi. Aprel oyi boshida u yaqin orada muzokaralarda siljish bo‘lmasa, Vashington unda ishtirok etishdan voz kechishga tayyorligidan ogohlantirgan edi.
Prezident Tramp esa tomonlar muzokara stoliga o‘tirishi uchun “so‘nggi muddat”ni belgilaganini aytgan, biroq bu muddat qachon tugashini ochiqlamagan.