EI boshpana berilishi rad etilgan migrantlar uchun maxsus markazlar tashkil etish bo‘yicha o‘ndan ortiq davlatlar bilan muzokaralar boshlamoqchi. Bu haqda ismi sir qolishini so‘ragan uch nafar YEI diplomatiga tayanib Politico nashri xabar berdi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, ehtimoliy sheriklar qatorida O‘zbekiston va Qozog‘iston ham bor. Bu mamlakatlarda boshpana berish rad etilganidan keyin migrantlarni chiqarib yuborish mumkin bo‘lgan markazlar, shuningdek, YEIdan boshpana so‘rab qilingan arizalarni ko‘rib chiqish maydonchalari tashkil etilishi mumkin.
"Niderlandiya, Avstriya, Daniya, Germaniya va Gresiya bu kabi markazlarni hamda arizalarni qayta ishlaydigan tashqi punktlarni yaratish ustida birgalikda ishlamoqda. Buning evaziga loyihada ishtirok etuvchi mamlakatlarga rivojlanish uchun yordam mablag‘lari yoki viza rejimini yengillashtirish taklif qilinishi mumkin", deyiladi Politico xabarida.
Nashr manbalariga ko‘ra, Yevropa davlatlari ehtimoliy mamlakatlar nomlarini ommaviy ravishda tilga olmaslikka harakat qilmoqda. Uar Buyuk Britaniyaning Ruanda bilan bog‘liq loyihasi va Italiyaning Albaniya bilan tuzgan, huquqiy muammolarga duch kelgan sxemasi atrofida kuzatilgan mashmashalar takrorlanishidan qo‘rqadi. YEI diplomatlaridan biri yil yakuniga qadar “loyihaning aniq konturi (rejasi)” yaratilishi ko‘zda tutilganini ma’lum qilgan.
Tashqi markazlarni tashkil etish bo‘yicha muhokamalar migrantlarni deportasiya qilish to‘g‘risidagi YEIning yangi reglamenti (qoidalari) bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichi bilan parallel ravishda olib borilmoqda. Politico ma’lumotlariga ko‘ra, Fransiya va Germaniya ushbu markazlar mexanizmi reglament uzil-kesil tasdiqlanishi bilan amaliyotga tatbiq etilishini talab qilmoqda.