Evropa Komissiyasi Ukrainaga 90 milliard yevro miqdoridagi kreditni ajratish uchun zarur bo‘lgan uchta muhim hujjat hali imzolanmaganini ma’lum qildi.
Bryusseldagi brifingda Yevropa Komissiyasi vakili Balyash Uyvariga ko‘ra, hozircha anglashuv memorandumi eng tayyor hujjat hisoblanadi. Biroq yana ikki muhim kelishuv qolmoqda.
Ulardan biri — Ukraina majburiyatlari va islohotlariga asoslangan makromoliyaviy yordam dasturi, ikkinchisi esa mamlakatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi qoidalariga kiritiladigan o‘zgartishlardir.
Uyvari ta’kidlashicha, ushbu uch hujjat imzolanmas ekan, mablag‘ni o‘tkazish texnik jihatdan imkonsiz bo‘ladi.
Avvalroq Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas kreditning birinchi qismi iyun oyi birinchi yarmida Ukrainaga yetkazilishini aytgan edi. Ammo hozircha zarur huquqiy kelishuvlarga to‘liq erishilmagani ma’lum bo‘ldi.
Aprel oyi o‘rtasida Yevropa Ittifoqi davlatlari tomonidan tasdiqlangan 90 milliard yevroli kreditning taxminan 60 milliard yevrosi harbiy yordam uchun, qolgan qismi esa Ukraina davlat byudjeti ehtiyojlari uchun yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.