Evropa Ittifoqi davlatlari AQSh ilgari surayotgan Ukraina mojarosini hal qilish rejasiga qarshi chiqdi.
Bu haqda Reuters manbalarga tayanib xabar berdi.
Ularning fikricha, reja hududiy imtiyozlar berish va Ukrainani qisman qurolsizlantirishni nazarda tutadi. Bryusselda yig‘ilgan Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari AQShning hali oshkor etilmagan rejasini batafsil izohlamadi, biroq Kiyevdan talab qilinadigan imtiyozlarni qabul qilmasliklarini ochiq aytishdi.
Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barroga ko‘ra, Ukraina adolatli tinchlik o‘rnatilishini istaydi, biroq unga taslim bo‘lish yo‘li bilan erishib bo‘lmaydi. AQSh Davlat kotibi Marko Rubio faqat ikki tomonning o‘zaro yon berishlarini talab qiladigan tinchlik takliflari haqida gapirdi.
Bir kun avval bir qancha ommaviy axborot vositalari AQShda Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha ishlab chiqilgan 28 banddan iborat reja haqida xabar bergan edi. Hujjat rasman taqdim etilmagan, biroq bir qancha ommaviy axborot vositalari AQSh prezidenti Donald Tramp uni allaqachon ma’qullaganini da’vo qilmoqda. Rejaga ko‘ra, Ukraina Donbasning Ukraina nazoratidagi qismidan voz kechishi, Kiyevga harbiy yordamni kamaytirishi va rus tilini davlat tili sifatida tan olishi kerak.