Mahalliy matbuotga ko‘ra, Janubiy Afrikadagi qirollik “uchinchi davlat kelishuvlari” asosida AQShdan deportasiya qilingan kamida 15 nafar shaxsni qabul qilgan.
Janubiy Afrikaning Esvatini qirolligi AQShdan deportasiya qilingan muhojirlarni qabul qilgani uchun Vashington ma’muriyatidan 5,1 million dollar oldi. Bu haqda qirollik moliya vaziri Nil Raykenberg parlamentda ma’lum qildi.
Vazirning aytishicha, hukumat AQSh bilan tuzilgan “uchinchi davlat kelishuvlari” doirasida deportasiya qilingan muhojirlarni qabul qilish evaziga ushbu mablag‘ni olgan.
Raykenberg bu jarayonning shaffofligi masalasi hukumat tomonidan muhokama qilinayotganini ta’kidladi.
Mahalliy matbuotga ko‘ra, Esvatini umumiy 160 nafar muhojirni qabul qilish bo‘yicha kelishuvga ega bo‘lib, ularning kamida 15 nafari AQShdan deportasiya qilingan holda qirollikka olib kelingan.
Xabarlarga ko‘ra, ushbu shaxslar poytaxt Mbabanedagi Masabxa qattiq tartibli qamoqxonasida hech kim bilan aloqa qilmasdan saqlanmoqda. Keyinchalik ular o‘z vatanlariga qaytariladi.
Avvalroq Ruanda, Janubiy Sudan va Uganda kabi davlatlar ham Tramp ma’muriyati tomonidan Afrika va Lotin Amerikasida amalga oshirilgan “uchinchi davlat kelishuvlari” doirasida AQShdan deportasiya qilingan muhojirlarni qabul qilgan edi.
Muhojirlar huquqlari faollari bu amaliyotni tanqid qilib, uning xalqaro qonunlar buzilishiga, boshpana izlovchilar xavfsizligiga tahdid solishiga va odamlarni inson huquqlari himoyasi past bo‘lgan davlatlarga o‘tkazilishini ko‘zda tutishini ta’kidlamoqda.