Estoniya Ichki ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, dronlarni aniqlash va monitoring qilish uchun mo‘ljallangan stasionar qurilmalar mamlakat janubi-sharqidagi quruqlik chegarasining uchta uchastkasida — Luxamaa nazorat-o‘tkazish punkti va Estoniya, Latviya hamda Rossiya chegaralari tutashgan nuqta o‘rtasida o‘rnatildi.
"Birinchi qurilmalar o‘rnatildi va ishlamoqda. Albatta, bu hali boshlanishi, biz butun Estoniyani qamrab oluvchi dronlarga qarshi tizimlar tarmog‘ini yaratish sari harakat qilyapmiz", — dedi vazirlik rahbari Igor Taro.
Quruqlik chegarasining qolgan qismlarida dronlarni monitoring qilish qurilmalari 2026 yil oxirigacha o‘rnatilishi kutilmoqda.
So‘nggi paytlarda dronlar Boltiqbo‘yi mamlakatlari hududiga muntazam ravishda uchib o‘tyapti. Jumladan, 19 may kuni NATO qiruvchi samolyotlari — Ruminiyaning F-16 samolyotlari Estoniya havo hududida dronni urib tushirdi.
Ikki kun avval qo‘shni Latviyada ham noma’lum dron mamlakat havo hududiga qisqa muddatga kirib kelganidan so‘ng, alyans samolyotlari havoga ko‘tarilgan edi. Mamlakat Qurolli kuchlari Rossiyaning Ukrainadagi urushi davom etar ekan, bunday hodisalar "yuz berishi mumkinligini" ma’lum qildi.