Eronning sobiq Oliy rahbari Ali Xomanaiy bilan xayrlashuv marosimi 4 iyul kuni Tehron shahrida boshlanadi.
Ma’lum qilinishicha, oyatulloh 28 fevral kuni AQSh va Isroilning Eron hududiga bergan ilk havo zarbalari paytida halok bo‘lgan.
Xabarda qayd etilishicha, dafn marosimi doirasida Ali Xomanaiyning rafiqasi, kelini, kuyovi va nabirasi bilan ham xayrlashuv tadbirlari o‘tkaziladi. Hujum vaqtida oyatulloh bilan birga uning bir qator yaqin qarindoshlari ham halok bo‘lgan.
Poytaxt Tehrondagi xayrlashuv marosimlari 6 iyulga qadar davom etadi. Shundan so‘ng, 7 iyul kuni shialarning muqaddas shaharlaridan biri Qum shahrida navbatdagi marosim o‘tkaziladi.
9 iyul kuni esa oyatullohning tug‘ilgan shahri — Mashhadda yakuniy dafn marosimi bo‘lib o‘tadi. U Imom Rizo maqbarasi majmuasi hududiga dafn etilishi rejalashtirilgan.
Eron hukumati bayonotida:
«Dunyoning ozodliksevar insonlari, islom ta’limoti tarafdorlari va Eronni qadrlaydigan barcha kishilar ushbu motam marosimlarida ishtirok etishga va marhum rahbar bilan xayrlashishga taklif etiladi», — deyilgan.
Avvalroq dafn marosimi 4 mart kuniga belgilangan edi. Biroq Eron rasmiylari uni keyinroq muddatga qoldirgan. Bu qaror marhum rahbarga ehtirom bajo keltirishni istaganlar soni kutilganidan ancha ko‘p bo‘lishi mumkinligi bilan izohlangan.