Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining (IIQK) raketa va dron bo‘linmalari bir necha daqiqa ichida Yaqin Sharqdagi AQSh harbiy bazalariga yirik zarba berish niyatida.
Bu haqda NourNews harbiy manbalarga tayanib xabar bermoqda.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, AQSh zarbalari Busher atom elektr stansiyasiga zarar yetkazmagan. Portlashlar Bandar Abbos, Sirik va Chabahar port shaharlarida, shuningdek, Busherning ayrim qismlarida qayd etilgan.
Avvalroq, AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Tehronning Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratini zaiflashtirish uchun Erondagi nishonlarga qo‘shimcha zarbalar berganini e’lon qilgan edi.
Fars axborot agentligi Eron janubidagi Bandar Abbos va Sirikda portlashlar sodir bo‘lganini xabar qildi. Shu bilan birga, Mehr axborot agentligi Bandar Abbos hududida havo mudofaasi tizimlari ishga tushirilganini xabar qildi.
Eslatib o‘tamiz, kecha AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi qo‘shimcha zarbalar berilishini istisno qilmadi.