MAGATE bosh direktori Rafael Grossi 16 aprel kuni Tehronga tashrifi arafasida Fransiyaning Le Monde gazetasiga bergan intervyusida Eronning yadro quroliga ega bo‘lishdan uzoq emasligini ma’lum qildi.
Grossining ta’kidlashicha, Eron allaqachon bir nechta yadro bombasi ishlab chiqarish uchun yetarli material to‘plagan, biroq bu maqsadni amalga oshirishga hali ancha vaqt bor. Shu bilan birga, MAGATE rahbari e’tirof etganidek, mamlakat so‘nggi to‘rt yil ichida bu sohadagi faoliyatini sezilarli darajada tezlashtirgan va yadro qurolini yaratish yaqinlashib qolgan.
12 aprel kuni Ummon davlatida Eron va AQSh o‘rtasida Tehronning yadro dasturi va sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha bilvosita muzokaralarning birinchi bosqichi o‘tkazildi. Eron tomonidan tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi, AQSh tomonidan esa prezidentning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus elchisi Stiv Uitkoff ishtirok etdi. Tomonlar muloqotni 19 aprel kuni Ummonda davom ettirishga kelishib oldilar.
Grossi Ummonda boshlangan muzokaralarga MAGATE ham jalb qilinishiga umid bildirdi. Uning ta’kidlashicha, agentlik ishtirokisiz har qanday kelishuv "shunchaki qog‘oz varag‘i" bo‘lib qolishi mumkin.