Eron hukumati AQSh bilan mojaroni hal qilish bo‘yicha yangi — bosqichma-bosqich kelishuv rejasini ilgari surdi. Bu haqda mintaqaviy manbalarga tayanib xabar qilinmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Tehron muzokaralarni bir necha bosqichga bo‘lishni taklif etmoqda. Birinchi navbatda, Eron va Livandagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish mexanizmlari kelishib olinishi kerak. Shuningdek, Isroilning “Hizbulloh”ga qarshi operasiyalarini ham to‘xtatish masalasi muhokama markazida bo‘ladi. Ikkinchi bosqichda Hormuz bo‘g‘ozi masalasi ko‘rib chiqiladi. Eron bu yerda o‘z pozisiyasini o‘zgartirishni istamayapti — Tehron savdo kemalari uchun to‘lovlar va yangi tranzit qoidalarini joriy etishni davom ettirmoqchi. Eng muhim jihat — Eron yadro dasturiga oid barcha masalalar faqat muzokaralarning yakuniy bosqichida muhokama qilinishi rejalashtirilgan. Manbalarga ko‘ra, mazkur taklif asosan Pokiston orqali AQShga yetkazilgan bo‘lib, u Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi inqiroz va dengiz blokadasi masalasini hal qilishga qaratilgan. Shu bilan birga, “sukut rejimi”ni uzaytirish ham ko‘zda tutilmoqda. Biroq Vashington hozircha Eron portlariga nisbatan joriy etilgan dengiz blokadasini bekor qilish niyatida emas. AQSh prezidenti Donald Tramp bu choralar Eron neft infratuzilmasiga jiddiy bosim o‘tkazayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi mamlakat ichida AQShning yadro dasturiga oid talablariga qanday javob berish masalasida yagona pozisiya yo‘qligini bildirgan. Eslatib o‘tamiz, avval rejalashtirilgan AQSH–Eron muzokaralari dengiz blokadasi masalasi tufayli bekor qilingan edi. Vashington o‘z vakillari — Jared Kushner va Stiv Vitkoffning Pokistonga safarini ham to‘xtatgan. Hozircha tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishish istiqboli noaniqligicha qolmoqda, ammo diplomatik aloqalar davom etmoqda.