Eron Islom Respublikasining Xitoy ishlari bo‘yicha maxsus vakili idorasi Eron va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar rivoji hamda maxsus vakilning Pekinga tashrifiga oid tarqalgan ayrim xabarlarni rad etdi.
Idora bayonotida Xitoy tomoni Eronning Xitoy ishlari bo‘yicha maxsus vakili tashrifi yoki ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirishni Tehron tomonidan muayyan shartlarni bajarishga bog‘lagani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi ta’kidlangan.
Bayonotda Xitoyning AQSh tomonidan bir tomonlama joriy etilgan sanksiyalarga nisbatan qat’iy pozisiyasi Pekinning Eronga nisbatan qo‘llab-quvvatlovchi yondashuvini namoyon etishi qayd etilgan.
Ta’kidlanishicha, Eron va Xitoy munosabatlari o‘zaro hurmat, umumiy manfaatlar va keng qamrovli strategik sheriklikka asoslangan. Ayni paytda ikki davlat o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, savdo, investisiya va boshqa kelishilgan sohalarda hamkorlik hamda maslahatlashuvlar davom etmoqda.
Eron tomoni ommaviy axborot vositalari, siyosiy arboblar va ekspertlarni mamlakat tashqi aloqalari, ayniqsa muhim xalqaro hamkorlar bilan munosabatlarga oid materiallarni tayyorlashda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi.
Bayonotda tasdiqlanmagan xabarlar, turli talqinlar va taxminlarni tarqatish Eronning milliy manfaatlari hamda tashqi aloqalariga ta’sir qilishi mumkinligi ta’kidlangan.
«Mamlakatning tashqi aloqalari va milliy manfaatlari fraksiyalar va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi raqobat va qarama-qarshilik maydoni emas. Ularni himoya qilish umumiy mas’uliyatdir», — deyiladi bayonotda.