Eron temir yo‘llari boshqarmasi direktori Jabbor Ali Zakeriy rossiyalik hamkasbi Oleg Belozerov bilan uchrashib, hamkorlikni rivojlantirish va «Shimol-Janub» yo‘lagini mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv Toshkentda MDH davlatlari temir yo‘llari bo‘yicha kengashi yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Zakeriy Eron va Rossiya o‘rtasidagi siyosiy aloqalar eng yuqori cho‘qqida ekanini, bundan boshqa sohalardagi aloqalarni rivojlantirish uchun foydalanish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi. Uning aytishicha, «Shimol-Janub» koridori ikki davlat manfaatlariga mos keladi.
Belozerov uning fikriga qo‘shildi va Rossiya Rasht-Astara temir yo‘li qurilishini yakunlash bo‘yicha aniq qadamlarni muhokama qilishga tayyorligini bildirdi.