Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum Eron milliy jamoasining JCH-2026 guruh bosqichidagi uchrashuvlari AQShdan Meksikaga ko‘chirilmasligini tasdiqladi.
Uning ta’kidlashicha, FIFA yakuniy qaror sifatida o‘yinlarni dastlab belgilangan manzillarda qoldirishni ma’qul ko‘rgan.
"FIFA oxir-oqibat uchrashuvlar o‘zining ilk belgilangan joylaridan ko‘chirilmasligiga qaror qildi. Bunday qadam tashkilotdan juda katta logistik sa’y-harakatlarni talab qilar edi", — dedi Sheynbaum.
Bundan avval FIFA prezidenti Janni Infantino ham Eron terma jamoasi chempionatda ishtirok etishini tasdiqlagan edi.
"Eron Jahon chempionatida qatnashadi. Uchrashuvlar rejalashtirilgan joylarda o‘tkaziladi. Men bundan xursandman", — degan edi Infantino.
Mart oyida Eron futbol federasiyasi prezidenti Mehdi Toj jamoa o‘yinlarini Meksikaga ko‘chirish masalasi FIFA bilan muhokama qilinayotganini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, bo‘lajak mundial 11 iyundan 19 iyulga qadar AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadi.