Hormuz bo‘g‘ozi savdo kemalari uchun ochiq, ammo minalar tufayli texnik cheklovlar bo‘lishi mumkin.
Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Said Xatibzoda Antaliya diplomatik forumi davomida NTV telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
"Bu masalada biz uchun noaniqlik yo‘q. Men qarama-qarshi tomon nomidan gapira olmayman, uning siyosati barchani chalkashtirishga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Hormuz bo‘g‘ozi savdo kemalari uchun ochiq. Albatta, bu sulhdan keyingi davrga tegishli. Minalar va xavfsizlik muammolari tufayli bir qator texnik cheklovlar bo‘lishi mumkin", dedi u.
Xatibzoda Hormuz bo‘g‘ozi blokada qilinmaganligini ta’kidladi.
Avvalroq, Eron harbiy qo‘mondonligi "Xatam al-Anbiya" markaziy shtabi vakili Ibrohim Zulfag‘ariy Eron qurolli kuchlari Hormuz bo‘g‘ozi ustidan harbiy nazoratni tiklaganini e’lon qilgan edi.