Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp muzokaralar aynan shu kunga belgilanganini ma’lum qilgandi.
"Eron va AQSh shanba kuni Ummonda yuqori darajadagi bilvosita muzokaralar o‘tkazadi. Bu bir vaqtning o‘zida ham imkoniyat, ham sinovdir. To‘p hozir Amerika tomonda", — deb yozdi Eron TIV rahbari Abbos Aroqchi X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Reuters agentligining yozishicha, Eron muzokaralarning aynan Ummonda o‘tkazilishini talab qilgan, bu yerda Tehron va Vashington vakillari to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashmaydi, balki Ummon rasmiylari orqali muloqot olib boriladi.
Muzokaralar qanday formatda o‘tishi hozircha noma’lum, biroq asosiy masala Eronning yadro dasturi bo‘lishi kutilmoqda. Mazkur diplomatik harakatlar AQShning Eronni urish rejasi haqidagi mish-mishlar va Eron armiyasining jangovar shay holatga keltirilgani fonida amalga oshirilmoqda.