Tehron urush chiqqani taqdirda mintaqadagi barcha davlatlar jabr ko‘rishini aytdi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi BMT tomonidan Eronga nisbatan sanksiyalarni tiklash uchun «snapback» mexanizmini ishga tushirish urinishiga «qat’iy» javob berilishini ma’lum qildi. Bu haqda u yakshanba kuni milliy xavfsizlik va tashqi siyosat bo‘yicha parlament komissiyasiga hisobot berishi chog‘ida aytdi, deb xabar qiladi IRNA agentligi.
Komissiya matbuot kotibi Ebrohim Rezoiyning so‘zlariga ko‘ra, Arakchi Tehron hali ham diplomatiyaga sodiq ekanini, ammo bosimlarga toqat qilmasligini ta’kidlagan.
“Eron hech qachon muzokaralar stolini tark etmagan va diplomatiyani afzal ko‘radi, ammo sanksiyalar qaytarilishi mexanizmining ishga tushirilishiga qattiq javob beradi”, — deb keltiradi uning so‘zlarini IRNA.
Arakchining ta’kidlashicha, Oman vositachiligida AQSh bilan olib borilayotgan muzokaralar faqat yadroviy masalalarga taalluqli. Dialog qayta boshlanganidan beri u AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan besh marta muzokara o‘tkazgan — uch marta Masqatda va ikki marta Rimda.
Rezoiyning ma’lum qilishicha, vazir shuningdek, Isroil Eronda uranni boyitishga to‘liq taqiq qo‘yilishini talab qilayotgan yagona davlat ekanini aytgan. Shu bilan birga, Arakchi mintaqaviy uran boyitish markazini yaratish imkonini istisno qilmagan, ammo mamlakat ichida bunday jarayonni to‘xtatishni rad etgan.
U shuningdek, «agar urush boshlansa, mintaqadagi barcha davlatlar jabr ko‘radi», deb ogohlantirgan.
Rezoiy ta’kidlaganidek, ayrim Eron parlamenti deputatlari AQSh bilan olib borilayotgan muzokaralarga nisbatan shubha bilan qaray boshlagan, chunki Vashington muzokaralarga qaramasdan sanksiyalarni saqlab qolmoqda va yangi cheklovlar joriy qilmoqda.