O‘zbekistondagi sement bozorida xitoy kompaniyalarining ustunligi kuchaymoqda. Narhlar pasaygan bo‘lsa-da, bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qisman tanazzulga uchratmoqda. Ayrim korxonalar faoliyatini to‘xtatgan yoki katta zarar bilan ishlamoqda.
2017 yilda «Bir makon — bir yo‘l» tashabbusi doirasida imzolangan kelishuvga muvofiq, Toshkentdagi Conch Cement zavodi 2023 yilda ishga tushdi. U O‘zbekistondagi to‘qqizta yirik xitoy sement zavodlaridan biri bo‘lib, mamlakat ishlab chiqarish hajmining yarmini ta’minlayapti.
Bunday keng miqyosda ishlab chiqarish narxlarni sezilarli tushirdi. 2020–2021 yillarda bir tonna sement $70 bo‘lgan bo‘lsa, hozir $40 atrofida. Ammo bu holat kichik va o‘rta korxonalarni bozordan siqib chiqarmoqda. 2024 yil boshida 20 ga yaqin sement zavodi umuman ishlamadi.
DAL Teknik Zomin Cement zavodi faoliyatini to‘xtatdi, ayrim ishchilar ishdan bo‘shatildi. Quvasoysement esa 2024 yilning birinchi yarmida 14 mlrd so‘m zarar ko‘rdi. Ochiqcha demping siyosatiga qarshi davlat tomonidan tekshiruvlar boshlandi. «Shangfeng — Do‘stlik ko‘prigi» zavodi 4,9 mlrd so‘m jarimaga tortildi.
Xitoy kompaniyalari yangi zavodlarni standartlashtirilgan dizayn va qisqa muddatda qurish modeli orqali ishga tushirmoqda. Bu samaradorlikni oshirmoqda va xarajatlarni kamaytirmoqda. Bunga javoban, mahalliy zavodlar energiya tejamkorlik, arzon xomashyo va ishlab chiqarish soatlarini o‘zgartirish orqali moslashishga harakat qilmoqda.
Hukumat sement taklifini oshirish va narxni barqarorlashtirish maqsadida soliq imtiyozlari joriy qildi. Biroq, bozor hajmi ehtiyojdan ikki barobar katta. Boshqa mamlakatlardagi kabi, xitoy sement ekspansiyasi O‘zbekistonda ham bozorni o‘zgartirmoqda.
Jahon sement assosiasiyasi bu jarayonni murakkab va uzoq muddatli deb baholaydi. Xitoy kompaniyalarining «Chetga chiqish» siyosati va BRI orqali tashqi bozorlardagi faolligi davom etmoqda. Toshkentda hamkorlikni yumshatish uchun uchrashuvlar o‘tkazilmoqda, biroq demping xatari saqlanib qolmoqda.