Bugun 1 iyun, 2025 yil, yakshanba

КИР

Eron AQShning yadroviy ultimatumini rad etdi

Eron AQShning yadroviy ultimatumini rad etdi

Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy AQSh bilan olib borilayotgan muzokaralardan hech qanday ijobiy natija kutmasligini bildirdi:
«Biz bu muzokaralar biror natijaga olib keladi deb o‘ylamaymiz. Nima bo‘lishini bilmaymiz», — dedi u.

Garchi AQSh prezidenti Donald Tramp bir hafta oldin Ummon vositachiligida o‘tkazilgan to‘rt bosqichli muzokaralardan so‘ng Tehron «bitim shartlariga rozilik bildirayotgandek» degan bo‘lsa-da, Eron keyingi bosqich oldidan bu bayonotni rad etdi.

Eron hukumati mamlakat yadroviy dasturi faqat tinch maqsadlarga xizmat qilishini, Eron yadro quroli yaratmoqchi emasligini qat’iy ta’kidlamoqda.

Biroq AQShning 2017-yilda yadroviy kelishuvdan chiqishi va unga qarshi og‘ir sanksiyalar joriy etishi ortidan Eron shartlarni buzdi va yuqori darajada boyitilgan uran zahirasini to‘pladi.

Ali Xomanaiy bu fikrlarni bir yil oldin aviahalokatda vafot etgan prezident Ibrohim Raisiy xotirasiga bag‘ishlangan marosimda aytdi. U Raisiyni AQSh bilan muzokaralarda qat’iy pozisiyasi uchun maqtadi va yangi prezident, islohotchi Mas’ud Pezeshkiyon davrida ham vaziyat o‘zgarmasligini ta’kidladi.

Xomanaiy AQShni «bema’nilikdan tiyilishga» chaqirdi va uran boyitishga ruxsat bermaslik haqidagi bayonotlarni tanqid qildi:
«Bu katta xato. Hech kim ularning ruxsatini kutmaydi», — dedi u.

AQShning maxsus vakili Stiv Uitkoff esa Eron hatto 1% darajada boyitishni ham amalga oshira olmasligi kerakligini aytdi. Bu esa Natanz, Fordo va Isfahon yadro obektlarini yopishni anglatadi.

Oldinroq murosaga ochiq ko‘ringan AQSh hozirda qattiq pozisiyani egalladi. Bu Tehronda savollar uyg‘otdi: beshinchi bosqich muzokaralarga borish kerakmi?

Eron esa yadro dasturidan, xususan uran boyitishdan voz kechmasligini yana bir bor bildirgan.

Tashqi ishlar vaziri Abbos Arokchiy shunday dedi:
«Haqiqiy bo‘lmagan talablar muzokaralarga to‘sqinlik qilmoqda. Eron uranni boyitishni to‘xtatmaydi. Bu texnologiya — o‘n yillik mehnat, qurbonlik va investisiyalar natijasi. Orqaga chekinmaymiz.»

TIV vakili Ismoil Bag‘oiy esa shunday dedi:
«Agar AQShning maqsadi — Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lsa, kelishuv mumkin. Ammo ular bizning yadro sanoatimizni butunlay bo‘g‘moqchi bo‘lsa — bu allaqachon boshqa masala.»

Ehtimol, Eron ham pozisiyasini qat’iylashtirdi – AQSh va Isroil o‘rtasidagi ziddiyatlar fonida

Eron hozirda o‘z pozisiyasini yanada qat’iylashtirgan bo‘lishi mumkin, chunki Tehron so‘nggi paytlarda Vashington va Tel-Aviv o‘rtasida ziddiyatlar kuchayganini sezdi. AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharq bo‘ylab safari chog‘ida Isroilga tashrif buyurmagani bu munosabatlar sovuqlashganining aniq belgisi bo‘ldi.

Avvalroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, agar muzokaralar muvaffaqiyasiz tugasa, Eron yadroviy obektlariga zarba berishi mumkinligi bilan tahdid qilgan edi. Ammo hozirda Tel-Avivning Oq uyga ta’siri kamaygan ko‘rinadi, bu esa Eronga yanada qat’iyroq pozisiyani egallash imkonini beradi.

2015-yilda Eron va «oltilik» davlatlar o‘rtasida imzolangan yadroviy kelishuvga ko‘ra, Tehronga uranni 3,67% darajagacha boyitishga ruxsat berilgan — bu faqat tijorat AYESlarida foydalaniladigan yoqilg‘i ishlab chiqarish uchun yetarli. Shuningdek, Eronga xalqaro inspektorlar — Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) vakillarini yadro obektlariga kiritish va evaziga sanksiyalarni yumshatish ko‘zda tutilgan edi.

Joriy yil qishida MAGATE Tehron 60% gacha boyitilgan deyarli 275 kg uran to‘plaganini ma’lum qildi. Bu daraja deyarli qurol darajasiga teng bo‘lib, agar boyitish 90% ga yetkazilsa, ushbu zaxiradan nazariy jihatdan olti dona yadro bombasi tayyorlash mumkin bo‘ladi.

Kiritildi: 13:28 23.05.2025. O'qildi: 531 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!