AQSh va Eron Tehronning yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashga tayyorlanmoqda. BMT Eronning yadro quroli ishlab chiqarish qobiliyatiga xavfli darajada yaqinlashib qolganini ma’lum qildi.
Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning maslahatchisi juma kuni Tehron shu hafta oxirida Ummonda AQSh bilan o‘tkaziladigan yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarda "haqiqiy va adolatli" kelishuvga erishishni xohlashini bildirdi.
2018 yilda Trampning birinchi ma’muriyati davrida AQSh Eronga sanksiyalarni yumshatish evaziga uran boyitish ko‘lamini kamaytirish to‘g‘risidagi kelishuvdan chiqib ketganidan buyon, BMTning yadroviy nazorat organi Tehronning qurol ishlab chiqarish uchun yadroviy yoqilg‘i tayyorlashga yaqinlashib borayotgani haqida ogohlantirmoqda. Eron esa uran boyitish ishlari faqat tinch maqsadlarda olib borilayotganini ta’kidlamoqda.
Yanvar oyida yana prezidentlik lavozimini egallagan Tramp Eronga qarshi yangi sanksiyalarni joriy etish bilan birga, uning yadroviy dasturini cheklash bo‘yicha yangi muzokaralar o‘tkazishga chaqirmoqda.
O‘tgan oyda Tramp Xomanaiyga xat yo‘llab, agar Eron muzokaralardan bosh tortsa, ehtimoliy harbiy harakatlar haqida ogohlantirgan edi.
Juma kuni Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Bag‘oiy X ijtimoiy tarmog‘ida AQShning "dushmanona ritorikasi"ga qaramay, Eron "diplomatiyaga yaxshi niyat va to‘liq hushyorlik bilan haqiqiy imkoniyat berayotgani" haqida xabar joylashtirdi.
"Biz qarshi tomonning niyati va qat’iyatini baholamoqchimiz," deya u qo‘shimcha qildi.