CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Eron AQSh va Isroil tomonidan nishonga olingan yerosti raketa majmualarini tez sur’atlarda qayta tiklamoqda.
Xabarda aytilishicha, so‘nggi yetti hafta ichida Eron 69 ta yerosti ob’ektlariga kirish nuqtasidan 50 tasini qayta ochish va tozalashga muvaffaq bo‘lgan.
Sputnik tasvirlari qurilish ishlarida buldozerlar, yuk mashinalari va boshqa og‘ir texnikalar faol jalb etilganini ko‘rsatmoqda.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, ushbu harbiy inshootlarning aksariyati 50–80 metr chuqurlikda joylashgan. Shu bois kirish yo‘laklari va ventilyasiya shaxtalariga berilgan zarbalar ko‘p hollarda faqat vaqtinchalik ta’sir ko‘rsatadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tehron tiklangan majmualarning bir qismiga yana raketa joylashtirish ishlarini ham boshlagan.
Bu holat Eronning raketa infratuzilmasi kutilganidan tezroq tiklanayotganini va mamlakat harbiy salohiyatiga berilgan zarbalarning ta’siri cheklangan bo‘lganini ko‘rsatishi mumkin.