Bugun 18 iyun, 2025 yil, chorshanba

КИР

Erkaklarga xos kiyinish – odobdandir

A A A
Erkaklarga xos kiyinish – odobdandir

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Balog‘atga yetgan musulmon erkak uchun avratini to‘sadigan kiyim kiyishi farzdir.

«Avrat» so‘zi lug‘atda «nuqson»«ayb» degan ma’nolarni bildiradi. Shariatda, berkitilishi vojib va unga nazar solish harom bo‘lgan joylar avratdir.

Alloh taolo A’rof surasida marhamat qiladi:

«Har bir ibodatda ziynatingizni oling» (31-oyat).

Ya’ni «Kiyimingizni kiying, avratingizni to‘sing».

Erkak kishining avrati kindigi ostidan to ikki tizzasining ostigachadir. Erkak kishi badanidagi o‘sha avrat joyini to‘sadigan kiyim kiyishi farzdir.

Musulmon erkakka ipak kiyim kiyish va tilla taqish haromdir.

Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Allohning Nabiysi ipakni olib, o‘ng qo‘llari ila tutdilar, tillani olib, chap qo‘llari ila tutdilar, so‘ngra:

«Albatta, mana bu ikkisi ummatimning erkaklari uchun haromdir», dedilar».

«Sunan» egalari rivoyat qilganlar.

Islomda erkak kishiga ipak kiyimlarni kiyish man etilgani ulkan hikmat boisidandir. Ipak yumshoq va nozik narsa bo‘lib, u bilan muomalada bo‘lgan shaxsdan yumshoqlik va noziklikni talab qiladi. Binobarin, ipak kiyim kiyishga o‘rgangan shaxs yumshoq va nozik bo‘lib qoladi. Bu esa haqiqiy erkak kishiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Musulmon erkak doimo turli og‘irliklarni ko‘tarishga shay turadigan, noziklik va zeb-ziynatni o‘ziga ep ko‘rmaydigan zabardast, haybatli kishidir. Shu boisdan ham shariat ayollarga xos qilgan va noziklik hamda zeb-ziynat ramzi bo‘lgan ipak musulmon erkak uchun harom qilingan.

Musulmon erkak kumush uzuk taqishi joiz.

Erkak kishi bitta kumush uzuk taqishi mumkinligiga quyidagi hadisi sharif dalildir.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam kumushdan uzuk tutdilar va unga «Muhammadun Rasululloh» deb naqsh qildilar».

Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar.

Payg‘ambar alayhissalomning nomsiz barmoqqa uzuk taqqanlari ma’lum va mashhur. Shuning uchun uzuk taqishni istagan erkak kishilar ushbu sunnatga amal qilsalar, yaxshi bo‘ladi.

Erkaklar ayollar kiyimini kiyishlari va ularga o‘xshashga urinishlari mumkin emas.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam xotinchalish erkaklarni va erkaksifat ayollarni la’natladilar».

Buxoriy, Abu Dovud, Termiziy, Nasaiy rivoyat qilganlar.

Bu bobdagi erkaklarning ayollarga o‘xshashga urinishi yurish-turishda, gap-so‘zda va kiyimda bo‘ladi.

“Ijtimoiy odoblar” kitobidan

Kiritildi: 16:16 18.06.2020. O'qildi: 6821 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!