Bugun 7 may, 2024 yil, seshanba

КИР

Eri bor ayolga uylangan yigit qotilga aylandi

Eri bor ayolga uylangan yigit qotilga aylandi

Nurafshon shahrida yashovchi to‘rt farzandi bor ayol eri bo‘laturib o‘zidan 17 yosh kichik yigit bilan nikoh o‘qitib, uni o‘z erini o‘ldirishga undadi.

Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida yashovchi to‘rt farzandi bor ayol eri bo‘laturib o‘zidan 17 yosh kichik yigit bilan nikoh o‘qitib, uni o‘z erini o‘ldirishga undadi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining raisi Dilshod Tojiboyev «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida ro‘y bergan bu mudhish qotillik barchaning qalbini birdek larzaga soldi. Bu og‘ir jinoyatga kimlar qo‘l urdi? Bundan ko‘zlangan muddao nima edi?

Avvalo shuni aytish kerakki, bu ikki nafs bandasini aynan bekorchilik bir-biriga ro‘baro‘ etdi. Ish qidirish bahonasida nurafshonlik Zamira va zangiotalik Asror (maqoladagi ism-familiyalar o‘zgartirilgan) telefon orqali bir-biri bilan topishib olishdi.

Asror bir tanishidan ish izlayotgan ayolning telefon raqamini bilib olgach, unga qayta-qayta telefon qilaverdi. Dastlab unchalik qovushmagan suhbat asta-sekin quyuqlashdi. Tez orada ular eski tanishdek telefon orqali emin-erkin gaplasha boshlashdi.

2015 yilning 26 dekabr kuni ular issiqxonaga ishga joylashish bahonasida poytaxtdagi Janubiy vokzal oldida uchrashishdi. Aslida ularning asosiy maqsadi ishlash emasdi.

Shu bois Asror Zamirani issiqxona sari emas, balki taksida Nazarbekdagi hech kim yashamaydigan uyiga olib keladi. Uyni supurish-sidirib tartibga solish bahonasida kunni kech qilgan tanishlar «kech bo‘lib qoldi» bahonasida shu erda tunab qolishadi.

Oradan chamasi yigirma kunlar o‘tib, ikkovlon yana Nazarbekdagi hovlida uchrashishadi. Xullas, ularning munosabati tobora chuqurlashib boradi.

Kunlarning birida Zamira Asrorga endi yashirincha uchrashib yurmasdan, shar’iy nikoh o‘qitish zarurligini aytadi. Shundan so‘ng ular 2016 yil 4 iyun kuni Nurafshonda yashirincha shar’iy nikoh o‘qitishadi.

Shu tariqa 1975 yilda O‘rta Chirchiq tumanida tug‘ilgan, 4 nafar farzand — 2 o‘g‘il, 2 qizning onasi Zamira Mamedova bilan 1991 yil Zangiota tumanida tug‘ilgan Asror Fayzullayev shar’iy er-xotinga aylanadilar.

Buyog‘ini so‘rasangiz, Z. Mamedova ayni paytda qonuniy eri, 4 nafar farzandining otasi Ruslan Mamedov bilan bir oilada yashab kelardi.

Shar’iy nikohdan o‘tgach, Zamira bilan Asror endi doimiy birga yashash yo‘llarini izlashga tushadi. Bunga bahona ham topiladi. Asrorning Nazarbekda dehqonchilik bilan shug‘ullanishi-yu, uy sohibi Ruslan akaning ham ozroq yer topib, u-bu narsa eksammikan, degan niyati ularning qiziqishlarini mushtarak etdi. Zamira darhol Asrorni Nurafshondagi uyiga chaqiradi. Asror ham Ruslan akaga yordamlashgani kelib, ishlariga qarashib yuradi.

Zamira eri va uyidagilarga Asrorni avvaliga Nazarbekda o‘zi qarashib yuradigan kampirning nabirasi sifatida tanishtirgan. Keyin esa, «vodiylik jiyanim bo‘ladi», deb aytadi. Xullas, ko‘chada tanishgan ikki oshiq-ma’shuqning o‘zaro munosabati tobora chuqurlashib borar, buning oxiri yaxshilik bilan tugamasligini ularning o‘zlari ham yaxshi bilishardi.

Endi ularga uy sohibi bo‘lgan Ruslan aka ortiqchalik qilayotgandi. Er-xotin o‘rtasidagi katta-kichik mojarolar «ikkinchi er» — Asrorga malol kelar, shunday janjallardan so‘ng u Zamiraga «Seni juda qiynab yubordi, bir kuni eringni o‘ldiraman», deb qo‘yardi.

Bir safar ana shunday oilaviy mojarodan so‘ng Zamira ham «Qo‘lingdan kelsa gumdon qil, keyin ikkalamiz bu uyda tinchgina yashayveramiz», degan gapni aytadi.

Ko‘z ko‘rmaganini ko‘ngil sezadi, deyishadi. Asror bilan Zamiraning munosabatlari o‘ta pinhona kechganidan, buni birov sezmasa-da, Ruslan akaning ko‘nglida baribir shubha uyg‘ongan edi. 2017 yilning aprel oyida tomorqasidagi daraxtlarni butayotib, Ruslan aka Asrorga hazil aralash do‘q-po‘pisa qildi-da, qo‘lidagi elektr arrani uning bo‘yniga taqadi.

Bu holat shundoq ham undan qanday qutulishni bilmay yurgan Asrorning g‘azabini battar qo‘zitib yubordi. Ammo u mavridi emasligini o‘ylab, damini ichiga yutdi.

Shunga qaramay Zamira o‘zi ichib turadigan uyqu doridan eriga bildirmay berib, uni uxlatib tashlashni, Asror esa, qulay fursat kelishini kutib yurardi.

2017 yilning 16 sentyabr kuni vaqt allamahal bo‘lganida Zamira farzand¬lari bilan ichkari uyga uxlash uchun kirib ketdi. Ayvonda Asror sim karovatda, Ruslan aka esa, yerdagi to‘¬shakda yotgancha televizor tomosha qilishardi.

Tun payti kutilmaganda Ruslan akaga ishxonasidan qo‘ng‘iroq qilishib, zudlik bilan yetib kelishni aytishadi. Ruslan aka shosha-pisha kiyinib, uydan chiqib ketadi.

Shunda Zamira Asrorning yoniga keladi va eri joniga tegib ketgani, shu tun uni «bir yoqlik qilish"ning ayni payti ekanini aytadi. Uning fikricha, «eri kechasi ishga ketib, qaytib kelmadi», degan bahona qotillikni berkitishi mumkin edi.

Asror ayolning so‘zlarini eshitib turib, «ma’qul» degandek qarab qo‘ydi.

So‘ng u qabih niyatini amalga oshirish uchun omborxonadan kuvalda va bir bo‘lak sim olib chiqdi-da, Ruslan akaning ishdan qaytishini kuta boshladi.

Soat tungi 1−00 lar atrofida uyga qaytgan Ruslan aka xotini bilan yana nimalardir to‘g‘risida tortishib, bir oz baqir-chaqir qildi. Keyin ayvondagi to‘shakda yotib bir zumda uxlab qoldi.

Ayni shu lahzalarni betoqat kutayotgan qotil esa, qo‘lidagi to‘mtoq bolg‘a — kuvalda bilan uxlab yotgan uy egasining boshiga uch marta kuchli zarba berdi. Bu ham yetmagandek, u jabrdiydaning tomog‘idan sim bilan bo‘g‘di.

Ko‘p o‘tmay xirillab bazo‘r nafas olayotgan Ruslan aka tinchib qoladi.

Shundan so‘ng Zamira jinoyat izini yashirish uchun tomorqadan chuqur qazib, murdani ko‘mib tashlash lozimligini aytadi. O‘zi esa, apil-tapil shift, deraza oynasi va polga sachragan qonni tozalashga kirishadi.

Ammo u qattiq qo‘rqqanidan hushini yo‘qotadi. Oqibatda bu ishlarni ham Asrorning o‘zi oxiriga yetkazadi.

Shundan so‘ng oradan bir kun o‘tib, ya’ni 2017 yil 18 sentyabr kuni Zamira erining ishxonasiga boradi. Ruslan aka o‘sha tundan buyon uyga kelmaganini aytadi. Ishxonadagilar Zamirani tuman ichki ishlar bo‘limiga olib borishadi va u erining bedarak yo‘qolganligi haqida ariza yozib beradi.

Shu tariqa qotillar yopiqlik qozon yopiqligicha qolishiga erishadilar hisob. Ammo murdaning hovlida ko‘milgani ularni bezovta qilmay qolmaydi, albatta. Oradan ikki-uch oy o‘tgach, ular murdani kovlab olib, uzoqroq joyga ko‘mish rejasini tuzadilar. Ammo ba’zi sabablarga ko‘ra, bu reja amalga oshmay qoladi.

Ammo ular xomtama bo‘lganlaridek, yopiqlik qozon yopiqligicha qolib ketmadi. Bu mudhish qotillik oxir-oqibat oshkor bo‘ldi. Insoniylik qiyofasini butkul yo‘qotgan qotillar qonun oldida javob berishdi.

Manba: gazeta.uz

Kiritildi: 21:00 18.06.2019. O'qildi: 4055 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!