Bugun 24 aprel, 2026 yil, juma

КИР

ER-XOTINDAN BIRI BO‘LMAGAN HOLLARDA SUD TOMONIDAN NIKOHDAN AJRATISh MUMKINMI?

A A A
ER-XOTINDAN BIRI BO‘LMAGAN HOLLARDA SUD TOMONIDAN NIKOHDAN AJRATISh MUMKINMI?

— Dugonam eri bilan ajrashmoqchi. Eri «qo‘lingdan kelganini qil, baribir ajrasha olmaysan», deb xorijga ketib qoldi. Maqsadi – dugonamni xo‘rlash. Shusiz ham ikki marta urib, homilasini tushirdi. Dugonam bitta o‘g‘li bilan ota-onasinikida yashayapti. Eri bilan birga yashagan uyiga qaynonasi kiritmayapti. «O‘g‘lim qachon qaytsa, o‘shanda ko‘chigni olasan» degan. Bu vaziyatda dugonam ajrashishga bersa bo‘ladimi? Eri bo‘lmasa, sud ajrashtiradimi?

Ismi sir tutildi

— Ma’lumki, mamlakatimiz davlat mustaqilligiga erishgan dastlabki yillardan boshlab uning inson huquqlariga oid asosiy g‘oya va qoidalarini o‘ziga singdirgan xalqaro huquqiy hujjatlar – Birlashgan millatlar tashkilotining bir qator hujjatlari, jumladan “Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi” va “Bolalar huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyasi qoidalariga mos ravishda oilani mustahkamlash, uning har bir a’zosi haq-huquqlarini himoya qilish, oilaviy munosabatlarda o‘z huquq va erkinliklaridan to‘laqonli foydalanishlari uchun imkoniyatlar yaratishga yo‘naltirilgan milliy qonunchilik bazasi yaratildi va yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga hamohang tarzda doimiy ravishda takomillashib bormoqda.

Avvalo, ta’kidlash joizki, mamlakatimizda oilaviy munosabatlarni tartibga soluvchi dastlabki hujjat sifatida bosh Qomusimiz hisoblangan Konstitusiya maydonga chiqadi.

Shu bilan birgalikda, oilaviy munosabatlarni tartibga soluvchi yana bir muhim huquqiy hujjatlardan biri - Oila kodeksida ham oila, onalik, otalik va bolalik davlat himoyasida ekanligi haqidagi qoida mustahkamlangan.

Nikoh bu erkak va ayolning ixtiyoriy va huquqlarining o‘zaro tengligi asosida oila tuzish va er-xotinning o‘zaro huquq va majburiyatlarini keltirib chiqarishga qaratilgan kelishuv bo‘lib, bir so‘z bilan aytganda, nikoh shakli – taraflarning ushbu munosabatlarini qonun bilan belgilangan qayd qilish usuli hisoblanadi.

Shu o‘rinda, murojaatchimizning savoliga to‘xtaladigan bo‘lsak, taraflarning o‘zaro er-xotinlik munosabatlarini davom ettirishga bo‘lgan xohish-irodasi so‘ngan, yoki bir-biridan ko‘ngli qolgan hollarda qoida tariqasida FHDYo organiga yoki sudga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.

Taraflar o‘rtasida voyaga yetmagan farzandlari borligi yoki o‘rtada

mol-mulk yuzasidan nizoning mavjudligi er yoki xotinga nikohdan ajratish haqidagi talab bilan bevosita sudga murojaat qilishni taqozo etadi.

Oila kodeksining 40-moddasiga binoan, nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlar sud tomonidan Fuqarolik prosessual kodeksida da’vo ishlarini hal qilish uchun belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Sud er-xotinga yarashish uchun muhlat tayinlab, ishning ko‘rilishini keyinga qoldirgan taqdirda, er-xotinning birga yashash joyidagi fuqarolar yig‘inining yarashtirish komissiyasini, agar ular birga yashamayotgan bo‘lsa, har birining yashash joyidagi fuqarolar yig‘inining yarashtirish komissiyasini er-xotinni yarashtirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish uchun uch kundan kechiktirmasdan yozma ravishda xabardor qilishi kerak.

Ushbu Kodeksning 41-moddasiga ko‘ra, agar sud er va xotinning bundan buyon birgalikda yashashiga va oilani saqlab qolishga imkoniyat yo‘q deb topsa, ularni nikohdan ajratadi.

Oliy sud Plenumining 2011 yil 20 iyuldagi 06-sonli “Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ishlar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 7-bandiga ko‘ra, nikohdan ajratish to‘g‘risidagi da’volar, qoida tariqasida, javobgarning doimiy yashash joyidagi sudga, FPK 34-moddasida nazarda tutilgan hollarda esa, da’vogarning xohishi bo‘yicha taqdim etiladi.

Xususan, nikohdan ajratish to‘g‘risidagi da’vo:

- jazo muddatidan qat’i nazar, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs bilan (agar ish sudning sudloviga taalluqli bo‘lsa) – mazkur shaxsning sudlangunga qadar oxirgi yashash joyida;

- yashash joyi noma’lum bo‘lgan shaxs bilan-uning ma’lum bo‘lgan oxirgi yashash joyida yoki uning mol-mulki turgan joyda, da’vogar voyaga yetmagan bolalari borligi yoki salomatligi tufayli javobgarning yashash joyiga borishga qiynalgan hollarda esa, - da’vogarning yashash joyida;

- O‘zbekiston Respublikasida yashash joyiga ega bo‘lmagan yoki mamlakatdan chiqib ketgan shaxs bilan uning mol-mulki turgan joyda yoki O‘zbekiston Respublikasida ma’lum bo‘lgan oxirgi yashash joyida taqdim etilishi mumkin.

Mazkur Plenum qarorining 14-bandiga asosan, er-xotindan biri doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga ko‘chib ketgan va uning sud majlisiga kelish imkoniyati bo‘lmagan hollarda, sud O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari normalariga muvofiq taraflarni xabardor qilish choralarini ko‘radi.

Fuqarolik prosessual kodeksining 164-moddasiga asosan, javobgarning amaldagi turish joyi noma’lum bo‘lsa, javobgarning oxirgi yashash joyidagi aloqa tashkiloti, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi yoxud oxirgi ish joyidagi ish beruvchi (ma’muriyatning mansabdor shaxsi) sud chaqiruv qog‘ozining yoki boshqa xabarnomaning ikkinchi nusxasiga mazkur organlar yoki tashkilotlar sud chaqiruv qog‘ozini yoki boshqa xabarnomani olganligi va uni chaqiriluvchining turish joyi noma’lumligi sababli unga topshirishning imkoni bo‘lmaganligi haqida yozib yuborgan ma’lumot sudga kelib tushgach, sud ishni muhokama qilishga kirishadi.

Shuningdek, ushbu Kodeksning 220-moddasiga ko‘ra, taraflar kelmaslik sabablari to‘g‘risida sudni xabardor qilishi va bu sabablarning uzrliligiga dalillar taqdim etishi shart. Agar javobgarning kelmaganligi sabablari to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa yoki sud kelmaganlik sabablarini uzrsiz deb topsa yoxud javobgar ish yuritilishini qasddan cho‘zayotgan bo‘lsa, sud ishni ko‘rishga haqli.

Nikohdan ajratish haqidagi talab sud tomonidan ko‘rib chiqilayotgan vaqtda, taraflardan birining yashash joyining noma’lumligi yoki chet elda bo‘lib, u yerda uning aniq yashash manzilini aniqlashning imkoni bo‘lmasa, ushbu holatda, sud FPKning 164 yoki 220-moddalariga asosan taraflardan birining ishtirokisiz ko‘rib chiqishga haqli.

Aytish joizki, nikohdan ajratish haqidagi talab sud tomonidan ko‘rib chiqilayotgan vaqtda talaflarning hozir bo‘lishlari ushbu nizoning sud tomonidan adolatli va qonuniy hal qilinishiga yordam beradi.

Aziz Raxmonov,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi sudyasi.

Kiritildi: 16:43 15.11.2022. O'qildi: 4977 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!