Bu haqda Politico nashri ma’lum qildi.
Xabar berilishicha, AQSh Kongressining Respublikachilar nazoratidagi Vakillar palatasi nazorat qo‘mitasi Epshteyn bilan bog‘liq 20 mingdan ortiq hujjatni e’lon qilgan.
"Amerikalik moliyachi, odam savdosi va voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy ekspluatasiyada ayblangan Jeffri Epshteyn Rossiya diplomatlari bilan aloqalar o‘rnatish masalasini muhokama qilgan. U 2018 yilda Donald Trampning Vladimir Putin bilan uchrashuvi arafasida Moskvaga AQSh prezidenti haqida “tasavvurga ega bo‘lish imkonini beruvchi” ma’lumotlarni taklif qilgan", deb yozadi nashr.
Politico Epshteynning Norvegiya sobiq bosh vaziri Turbyorn Yagland bilan yozishmalarini keltirgan. O‘sha paytda Yagland Yevropa Kengashiga rahbarlik qilgan.
"Menimcha, siz Putin Tramp haqida tasavvur hosil qilishi uchun Lavrovga men bilan suhbatlashishni taklif qilishingiz mumkin”, — deb yozgan Epshteyn.
Yagland o‘z javobida ertasi kuni Lavrovning yordamchisi bilan uchrashishini va unga Epshteyn bilan bog‘lanishni taklif qilishini bildirgan. Keyinchalik tomonlar o‘rtasida aloqalar bo‘lganmi yoki yo‘qmi noma’lum.
Boshqa maktublardan ma’lum bo‘lishicha, Epshteyn Rossiyaning BMTdagi sobiq doimiy vakili Vitaliy Churkin bilan ham muloqot qilgan.
"Churkin ajoyib inson. U Trampni bizning suhbatlarimizdan keyin yaxshiroq tushundi. Bu unchalik qiyin emas", — deb yozgan u.