Andijondagi 400 dan ziyod mahallada aholiga tunu kun xizmat ko‘rsatadigan xususiy tibbiyot punktlari tashkil qilindi. Bu yerda qon bosimini o‘lchash, ukol qilish, fizioterapiya kabi birlamchi oddiy xizmatlar ko‘rsatiladi.
Prezidentimiz bu tajribani ma’qullab, mutasaddilarga bu yil ushbu tizimni qolgan viloyatlardagi kamida 100 tadan mahallada yo‘lga qo‘yishga topshiriq berdi.
Andijonda zamonaviy xususiy klinikalar tashkil etish uchun olti oy davomida sotilmagan davlat ob’ektlari tadbirkorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 5 yil muddatga ijaraga beriladi, keyinchalik bu ob’ektlar ularning o‘ziga xususiylashtirib beriladi.
So‘nggi yillarda texnikumlar bo‘yicha ham katta islohotlar bo‘ldi. Lekin Andijondagi 56 ta texnikumning barchasida ham ishlar yangicha tashkil etilmayapti.
Masalan, Andijon 4-son texnikumi va Paxtaobod 2-son texnikumida talabalarning bir vaqtning o‘zida o‘qishi va ishlab, daromad topishi bo‘yicha ijobiy tajriba yaratilgan.
Maktablardagidek o‘z ustida ishlab, salohiyati va ko‘nikmasini oshirgan direktorlarni rag‘batlantiradigan tizim endilikda texnikumlarda ham joriy qilinishi belgilandi.