Rossiya davlat Dumasi deputatlari 8 iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ishchi migrantlar uchun qo‘shimcha talablar kiritishni nazarda tutuvchi tuzatishlarni ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qildi. Yangi qoidalarga ko‘ra, voyaga yetgan migrant farzandlari patent olishi yoki mamlakatdan chiqib ketishi kerak bo‘ladi.
Tegishli o‘zgartirishlar “Rossiya Federasiyasida xorijiy fuqarolarning huquqiy maqomi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilmoqda. Endilikda vakolatli organlar migrantlarning daromad darajasini kuzatib boradi. Migrantlar o‘zlarini va Rossiyada yashayotgan oila a’zolarini ta’minlay olishi shart.
Migrantlarning daromadi o‘sha hudud uchun belgilangan eng kam yashash qiymatidan kam bo‘lmasligi lozim. Agar bu qoida buzilsa, xorijliklarning patenti yoki ishlash uchun ruxsatnomasi uzaytirilmaydi. Oqibatda ular qarindoshlari bilan birga Rossiyani tark etishiga to‘g‘ri keladi.
Migrantlarning bolalari Rossiyada faqat ota-onasining ishlash ruxsatnomasi amal qilish muddati davomidagina qola oladi. Buning uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i oldindan to‘lab qo‘yilishi kerak. Migrantlarning farzandlari 18 yoshga to‘lganidan keyin mamlakatdan chiqib ketishi yoki patent olish uchun ariza topshirishi shart bo‘ladi.